Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-sentyabrdagi “Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tadbirkorlar bilan ishlash uchun Respublika komissiyasi tashkil etildi.
Qarorga muvofiq hududlarda Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish komissiyasi hamda Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish boʻyicha hududiy guruhlar tashkil etildi.
Hududiy guruhlar tarkibiga kirgan shaxslar asosiy ish joyi boʻyicha majburiyatlarini bajarishdan ozod qilinadi hamda doimiy ravishda oʻzlariga biriktirilgan hududda boʻladi.
Komissiya va hududiy guruhlarning soʻrovlari, koʻrsatmalari barcha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari va mansabdor shaxslari tomonidan soʻzsiz ijro etilishi majburiy hisoblanadi.
Komissiya 10 kunda kamida bir marta joylardagi hal qilinmagan muammoli masalalarni koʻrib chiqish hamda tadbirkorlikni rivojlantirishga, tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan mavjud byurokratik toʻsiq va gʻovlarni bartaraf etadi, tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan qarorlar, shu jumladan, manzilli topshiriqlar nazarda tutilgan qarorlar ijrosi ustidan tizimli nazoratni amalga oshiradi.
Qarorga muvofiq:
hududiy guruhlar moliyalashtirish manbalarini aniqlagan holda, davlat tashkilotlari zimmasiga tegishli hududda salohiyatli loyihalar boʻyicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun loyiha tashkilotlarini jalb etish yuzasidan majburiyatlarni yuklash huquqiga ega;
boʻsh turgan davlat mulki obyektlari va yer uchastkalaridan foydalangan holda amalga oshirish uchun tavsiya etilayotgan salohiyatli loyihalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida, hokimliklarning veb-saytlarida va Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda joylashtiriladi, shuningdek, televideniyeda eʼlon qilinadi;