Bugun Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi va Xalqaro “Qizil Xoch” qo‘mitasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy delegatsiyasi bilan hamkorlikda Jeneva konvensiyalarining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbir va ularning o‘zbek tiliga lotin yozuvida tarjimasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari, davlat organlari, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan xalqaro tashkilotlar, shuningdek, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, 1949 yil 12 avgustdagi Jeneva konvensiyalari qurolli mojarolardan jabrlangan shaxslarga insonparvarlik bilan munosabatda bo‘lish bo‘yicha xalqaro standartlarni belgilovchi asosiy shartnomalardir. Hujjatning lotin yozuvidagi o‘zbekcha tarjimasi yurtdoshlarimiz uchun ushbu muhim huquqiy vositalardan kengroq foydalanish va tushunishni osonlashtiradi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov tadbirni o‘tkazish tashabbusi davlatimiz, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi va Shveysariya o‘rtasidagi samarali hamkorlikning yaqqol namunasi ekanini alohida ta’kidladi.
–Jeneva konvensiyalari xalqaro gumanitar huquqning poydevorini tashkil etadi, –dedi A.Saidov o‘zining kirish so‘zida. –Ularni lotin alifbosidan foydalanib, o‘zbek tiliga tarjima qilish jamiyatimizning huquqiy madaniyatini yuksaltirish va har bir fuqaroga isonparvarlikning asosiy me’yorlaridan bahramand bo‘lishini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir.
Xalqaro “Qizil Xoch” qo‘mitasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy delegatsiyasi rahbari Bilyana Miloshevich zamonaviy jamiyatda insonvarlik tamoyillarining doimiy dolzarbligini ta’kidladi.
– Xalqaro gumanitar huquq tamoyillari bugungi dunyoda tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda, -dedi u. – Xalqaro “Qizil Xoch” qo‘mitasi bu tamoyillarni butun dunyoda, shu jumladan, O‘zbekistonda ham targ‘ib qilishga intilmoqda va hukumatning bu yo‘nalishdagi faol harakatlarini olqishlaydi.
Tadbirda Shveysariya Konfederatsiyasining o‘lkamizdagi elchisi Konstantin Obolenskiy o‘z mamlakatining Jeneva Konvensiyalarini ishlab chiqish va targ‘ib qilishdagi tarixiy roliga to‘xtaldi. Elchining ta’kidlashicha, Jeneva xalqaro huquqning, shu jumladan, xalqaro gumanitar huquqning kuchli tarafdori.
–Jeneva konvensiyalarining yuqori ahdlashuvi tomoni sifatida Shveysariya O‘zbekistonning xalqaro gumanitar huquq tamoyillarini tarqatish va amalga oshirishga sodiqligini chuqur qadrlaydi, -dedi u. – Biz butun dunyoda inson huquqlari va insonparvarlik qadriyatlarini himoya qiladigan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda O‘zbekiston bilan ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik qilishga sodiqmiz.
Yig‘inda shuningdek, Jeneva konvensiyalarining gumanitar ahamiyati va ularni global miqyosda tan olish va tushunish zarurligi ta’kidlangan “Insoniyat haqida muloqotlar” mavzusida videokonferensiya va fotoko‘rgazma ham namoyish etildi.
Tadbirning eng muhim qismi Jeneva konvensiyalari va ularga qo‘shimcha protokollarning o‘zbek lotin alifbosida o‘girilgan matnning rasmiy taqdimoti bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu loyiha O‘zbekistonning xalqaro gumanitar me’yorlarga sodiqligini ifodalaydi.
Ishtirokchilar tadbir yakunida xalqaro gumanitar huquq va insoniy huquqlari bilan bog‘liq dolzarb masalalar bo‘yicha munozaralar o‘tkazishdi.
Saidmurod Rahimov, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA