Yangi yil boshidan Italiyaning ikkinchi yirik shahri Milanda ochiq havoda chekish taqiqlanadi. Bu haqda “A News” axborot portali xabar bermoqda.
Shahar munitsipaliteti iqlim va havoni rejalashtirishning bir qismi sifatida 2021 yilda e’lon qilingan stadionlar, bog‘lar, qabristonlar va avtobus bekatlari kabi jamoat joylarida chekishni taqiqlash to‘g‘risidagi qarori ko‘lamini yanada kengaytirmoqchi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, chekuvchilar orasidagi masofa kamida 10 metr bo‘lishi sharti bilan tamaki mahsulotlaridan faqat maxsus hududlarda foydalanishga ruxsat beriladi.
Qoidalarni buzganlar 40 yevrodan 240 yevrogacha jarimaga tortilishi mumkin.
Havo sifatini o‘lchash uchun ishlatiladigan “PM10” konsentratsiyasi parametriga ko‘ra, sigaretni iste’mol qilish shahar markazi havo ifloslanishida 7 foiz rol o‘ynaydi.
Chekishni taqiqlash 2050 yilgacha karbonat angidrid chiqindilarini ikki baravar kamaytirishga qaratilgan dastur doirasida amalga oshiriladi.
Ayrim tamaki ishlab chiqaruvchilari va sotuvchilari munitsipalitetning bunday qaror qabul qilishga haqqi yo‘qligini ta’kidlab, yangi taqiqni viloyat sudiga shikoyat qilishni rejalashtirmoqda.
Milandagiga o‘xshash yechim shu yilning aprel oyida o‘lka shimolidagi boshqa sanoat shahri Turinda ham joriy etilgan edi.
G.Sattorova, O‘zA