“Politico” nashrining yozishicha, bugun Bryusselda Yevropa yetakchilarining uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Unga Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy taklif etilgan. Uchrashuvda Ukrainaga Yevropa Ittifoqi qo‘shinlarini yuborish masalasi muhokama qilinishi aytilmoqda.
– Yevropa yetakchilari Zelenskiy va NATO Bosh kotibi Mark Rutte bilan uchrashishni rejalashtirmoqda, ular Ukrainada tinchlikparvar kuchlarni joylashtirish imkoniyatlarini muhokama qilishadi, — deyiladi xabarda.
Nashrning qayd etishicha, yig‘ilishda Germaniya kansleri Olaf Shols, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Polsha prezidenti Anjey Duda, Yevropa kengashi rahbari Antoniu Koshta, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen va NATO bosh kotibi Mark Ryutte ishtirok etadi.
Trampga ishonsa bo‘ladimi?
Donald Tramp avvalroq, agar u Jo Bayden o‘rniga o‘sha vaqtlarda AQSH prezidenti etib saylanganida Ukrainadagi mojaro hech qachon boshlanmasligini aytgan edi. Biroq “Wall Street Journal” gazetasining yozishicha, Yevropa rasmiylari Trampning Ukraina haqidagi rejasiga shubha bilan qaraydi va uning Ukraina bo‘yicha aniq rejasi borligiga ishonmayapti.
Yevropalik rasmiylarning ta’kidlashicha, saylovdan so‘ng Tramp ularga Ukrainadagi mojaro haqida savollar berib, bu boradagi fikrlarini so‘ragan. Shu bois Yevropa rasmiylari u nima qilish kerakligi haqida aniq reja tuzmagan, degan fikrda.
Gazeta manbaalariga ko‘ra, Yevropa qo‘shinlari Ukrainaga borsa, ular tinchlikparvar yoki o‘t ochishni to‘xtatish rejimini kuzatuvchi kuchlar tarkibiga kiradi. Harbiy qo‘shinlarning joylashtirilishi NATO amaliyotlari doirasida amalga oshirilmaydi.
Rossiya nima deydi?
Rossiya tomoni YeIning Ukrainaga 100 mingga yaqin kishidan iborat “tinchlikparvar kontingent”ni joylashtirishi rejasini amalda Ukrainaning bosib olinishiga aylanadi, deb hisoblashini ta’kidlagan.
Kremlning ta’kidlashicha, tinchlikparvar kuchlarni yuborish faqat mojaro tomonlarning roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi G‘arbning Ukrainaga qo‘shin yuborish rejalari buzg‘unchilik va G‘arb davlatlarining Moskva bilan qarama-qarshilikka yanada chuqurroq kirishish niyatidan dalolat beradi, deb hisoblashini ma’lum qilgandi.
S.Rahimov, O‘zA