Toshkentda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida reproduktiv salomatlikni targ‘ib etish va bu yo‘nalishdagi sifatli tibbiy-gigiyenik vositalarni davlat xaridida qo‘llash bo‘yicha salohiyatni oshirishga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
Tadbirda mamlakatimiz aholisi, ayniqsa onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, sog‘lom oila, sog‘lom muhitni shakllantirish, fuqarolar o‘rtasida tibbiy savodxonlikni oshirish doimiy e’tiborda ekani qayd etildi. Bu borada xalqaro tashkilotlarning ham munosib o‘rin bor, albatta. Jumladan, BMT aholishunoslik jamg‘armasi – YUNFPA ko‘magida ayollar salomatligini asrash maqsadida tibbiy va reproduktiv salomatlik bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasida targ‘ibot ishlari faol olib borilmoqda.
YUNFPA Sog‘liqni saqlash vazirligining Oilani rejalashtirish dasturi doirasidagi asosiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. Jamg‘arma Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoga gigiyenik vositalar yetkazib beruvchi asosiy manbalardan biridir. Ayni paytgacha qo‘shma dastur doirasida 4 million dollar qiymatga ega 6,5 milliondan ortiq homiladorlikdan saqlovchi gigiyenik vosita xarid qilingan.
Qayd etilganidek, oilani rejalashtirish nafaqat ona va bola o‘limini kamaytiradi, erta va yosh homiladorlikning oldini oladi, balki ayollarning iqtisodiyotdagi o‘rni va imkoniyatini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
– Maqsadimiz – har bir shaxsni reproduktiv sog‘liq sohasida sifatli xizmatdan foydalanishini ta’minlash va ongli qaror qabul qilish uchun sharoit yaratish, – deydi YUNFPAning mamlakatimizdagi doimiy vakili doktor Nigina Abaszade. – Oilani rejalashtirish dasturlariga sarflangan har bir dollar 2030 yilga kelib mamlakat iqtisodiyotiga 8,4 dollar qaytarilishini ta’minlaydi. Ya’ni, ongli ravishda oilani rejalashtirish orqali 1 million ayolning o‘limi, 6 million homilaning o‘lim holati va 4 million yangi tug‘ilgan chaqaloqning o‘lim holati oldi olinishi mumkin.
Seminarda YUNFPA va Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasidagi hamkorlik doirasidagi yangi dasturlar, tashabbuslar haqida ma’lumot berildi. Aholi turmush sifatini yaxshilash va mamlakatda reproduktiv sog‘liqni mustahkamlashga yo‘naltiriladigan qo‘shma loyihalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Go‘zal Sattorova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA