Ichki ishlar vazirligi Yoshlar ittifoqi tizimda xizmat qilayotgan yoshlarni xalqqa halol xizmat qilish yo‘lida fidoyilik va sadoqat namunasini ko‘rsatib mehnat qilishga chaqirdi.

Shu maqsadda IIV Yoshlar ittifoqining yetakchilar kengashi yosh xodimlarga Murojaatnoma yo‘lladi.

– O‘zbekiston yoshlari – dunyoning eng baxtiyor yoshlari, desak mubolag‘a bo‘lmaydi, – deydi IIV Yoshlar ittifoqi yetakchilar kengashi raisi Xurshid Ro‘ziyev. – Chunki yurtimizda yoshlar manfaatlari doimiy e’tiborda bo‘lib, ular har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Albatta, yoshlar ham bunga munosib bo‘lishlari shart.

Ichki ishlar organlari saflarida xizmat qilayotgan yosh xodim va harbiy xizmatchilar, vazirlik ta’lim muassasalari, IIV akademik litseylarida tahsil olayotgan kursant va o‘quvchilar Vatanga muhabbat, burchga sadoqat ruhida tarbiyalanib, tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ushbu maqsadlarni to‘laqonli amalga oshirish, yoshlarning iqtidorlarini yuzaga chiqarish, muammolarini yechishga ko‘maklashish, shuningdek, xodimlar o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash maqsadida tarkibiy va hududiy ichki ishlar organlarida Yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Tizimda yosh xodimlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatidan xabardor qilish, odamlarning ichki ishlar organlari xodimlari xizmatidan rozi bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy-profilaktik tadbirlar tashkil etish muntazamlik kasb etgan.

Bu yil ilk marotaba “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlangan yoshlar orasida ichki ishlar organlari xodimlarining ham borligi, sohada sadoqat bilan, halol, vijdonan xizmat qilayotgan xodimlarga berilgan baho, bildirilgan yuksak ishonch namunasi bo‘ldi.

So‘nggi yillarda shaxsiy tarkibga munosib shart-sharoitlarni yaratish, xodimlar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish, uy-joy bilan ta’minlash borasidagi bir qator farmon va qarorlar, ichki ishlar organlarida tub burilish yasaganligini alohida ta’kidlash lozim.

Murojaatnomada qayd etilganidek, sohada xizmat qilayotgan har bir xodim, ayniqsa, yoshlar shuni unutmasligi kerakki, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, biz, avvalo, xalqimizning xizmatkorimiz. Ertangi kunimiz porloq bo‘lishi, kelajak avlodimiz yanada baxtli yashashi uchun bugundan harakat qilmog‘imiz, bu yo‘lda sadoqat-mas’uliyat-halollik bilan xizmat qilishimiz shart.

Yoshlar kuni munosabati bilan davlatimiz rahbarining O‘zbekiston yoshlariga yo‘llagan tabrigi tizimdagi yosh xodim va harbiy xizmatchilarning ham ertangi kunga bo‘lgan ishonchi ortishiga, ularni sharafli qasamyodga sadoqat bilan xizmat qilishga undadi.

Murojaatnomada yana “Bildirilgan yuksak ishonchga munosib bo‘lishimiz, amalga oshirilayotgan ezgu ishlar yo‘lida halol xizmat qilishimiz kerak. Buning uchun har birimiz kundalik faoliyatimizni tahlil qilib, sharafli nomga munosib bo‘laylik. Boshqa hamkasblarimizni ham fidoyilik va sadoqat bilan ishlashga chaqiraylik. Talabchanlik va ishga yangicha yondashuvni har birimiz o‘zimizdan boshlaylik. Yoshlik kuch-g‘ayratini izlanish va intilishlarga bag‘ishlaylik!”, degan so‘zlar bitilgan.

Murojaatnoma yakunida “Fidoyilik va sadoqat ichki ishlar organlaridagi barcha yoshlarning asosiy shiori bo‘lsin!”, degan xitob bor.

Ezgu maqsadga qaratilgan bunday da’vatga nafaqat soha xodimlari, balki yurtimizdagi boshqa barcha yoshlar “labbay”, deb javob bersa arziydi. Zero, xalqimiz yurtga halol xizmat qiladigan mard o‘g‘lonlariga suyanadi.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA