Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Tanlab olingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (CAP) barqaror qiymat zanjirini rag‘batlantirishga qaratilgan “Bir mamlakat, bir ustuvor mahsulot” (OCOP) tashabbusini ilgari surmoqda.
Hozir 87 davlat 53 xil tanlab olingan mahsulotni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mazkur loyihaga qo‘shildi. Jumladan, O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, kichik fermerlarni qo‘llab-quvvatlash va barqaror qishloq xo‘jaligi amaliyotini targ‘ib qilishdagi ahamiyati inobatga olingan holda, gilos ustuvor mahsulot sifatida tanlandi.
Maxsus tuzilgan Milliy ishchi guruhni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan Texnik ishchi guruhning birinchi yig‘ilishida Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Agrosanoat majmuasini rivojlantirish hamda O‘simliklar karantini va muhofazasi agentliklari, shuningdek akademik Mahmud Mirzayev nomli Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti vakillari ishtirok etdi.
Muloqotda xususiy agrobiznes kompaniyalari va Yevropa Ittifoqi qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash dasturi vakillari ham qatnashdi. Mutaxassislar asosiy e’tiborni gilos uchun barqaror qiymat zanjirini yaratishga qaratishdi. Zero, bu chora kichik fermerlarga foyda keltiradi, mahalliy iqtisodiyotni mustahkamlaydi va atrof-muhit ifloslanishining oldini oladi.
Uchrashuv davomida global OCOP tashabbusi mamlakatlarga oziq-ovqat xavfsizligi va to‘yib ovqatlanmaslik muammosini hal qilish, mahalliy iqtisodiyotni kuchaytirish va mahsulotni barqaror yetkazib berish zanjiri yaratishda yordam berishga qaratilgani ta’kidlandi.
Mazkur loyiha 2022-2031 yillarga mo‘ljallangan FAO strategik dasturiga mos keladi, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni qo‘llab-quvvatlaydi. Hozir Yevropa va Markaziy Osiyoning 11 davlatida muayyan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan Albaniyada kashtan, Ozarbayjonda anor, Qozog‘istonda olma, Turkiyada anjir tanlab olinib, targ‘ib qilinmoqda.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA