Bugun poytaxtimizda “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo yosh yetakchilari konferensiyasi: Barqaror suv harakati paradigmasini o‘zgartirish” mavzusida mintaqaviy forum boshlandi.
YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha byurosi, Toshkentdagi “Nordik” xalqaro universiteti va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida, suv resurslarini samarali boshqarish bo‘yicha yo‘l xaritasi ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbir BMT, JSST, YeXHT vakillari, diplomatlar va besh qo‘shni davlatdan 100 ga yaqin mutaxassisni jamladi.
O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev mazkur forum Markaziy Osiyo yosh yetakchilarini birlashtirish, ularni tinglash, shuningdek YeIning iqlim barqarorligi va suv resurslarini boshqarish bo‘yicha tajribasini o‘rganishga yordam berishini ta’kidladi.
Ikki kun davom etadigan konferensiya yuqori darajadagi asosiy munozara, shuningdek barqaror suv harakati bo‘yicha Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo hamkorligi va mintaqamizdagi suv inqirozini hal qilishda yoshlarning o‘rni mavzulariga bag‘ishlangan sessiyalardan iborat.
– Yoshlarni ertaga o‘zimiz ko‘rishni istagan dunyoni shakllantirish jarayoniga qanday jalb qilish mumkinligi, shuningdek ayni yo‘nalishda ilgari surilgan tashabbuslarni muhokama qilyapmiz, – dedi Jahon yoshlar parlamenti global suv targ‘iboti bo‘yicha rahbari Marta Saragosa Navarro. – Ko‘plab mintaqalarda suv inqirozi kuzatilayotgan bir paytda olimlar va siyosatchilarning yangi koalitsiyalarini ko‘ryapmiz. Umid qilamizki, bugun harakat qilayotgan yosh yetakchilarni ertaga yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday vaziyatga tayyorlay olamiz. Men ma’ruzamda o‘zbek yoshlarining mamlakat bo‘ylab yechimlarni tatbiq etish, suvdan oqilona foydalanish, mahalliy sanitariya inshootlaridan foydalanish imkoniyat haqida gapirdim. Umuman, ushbu forum orqali ilg‘or tajribani o‘rtoqlashish, shuningdek O‘zbekiston soha taraqqiyoti uchun nimalar taklif qila olishi, xalqaro miqyosdagi sa’y-harakatga qanday hissa qo‘shishi mumkinligini bilib olyapmiz.
Ishtirokchilar suvdan foydalanish samaradorligi, tejamkorlik va suv diplomatiyasi kabi ko‘p tomonlama manfaatli mavzularni ham muhokama qilishdi.
– Suv resurslarini to‘g‘ri boshqarish butun dunyoda, jumladan Markaziy Osiyoda ham juda dolzarb, – dedi YeIning Qozog‘istondagi delegatsiyasi hamkorlik bo‘limi rahbari Yoxannes Baur. – O‘ylaymanki, suv muammosini hal qilishda ko‘hna qit’a tajribasi mintaqa uchun foydali. Shuning uchun Markaziy Osiyo uchun suv energetikasi va iqlim masalasiga doir Yevropa jamoasi tashabbusini mazkur konferensiya orqali targ‘ib qilmoqchimiz. Bu jarayonga yoshlarni jalb etish juda muhim, chunki Markaziy Osiyo aholisining katta qismini aynan yoshlar tashkil etadi.
Xalqaro forum esa yosh yetakchilar suv bilan bog‘liq muammolar yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bildirishi, fikr almashishi va hamkorlik o‘rnatishi uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.
O‘tkir Alimov, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA