O‘tgan besh yil davomida O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan tuzilmaga a’zo davlatlar bilan madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik faol davom ettirilib, turli mamlakatlarning xalq diplomatiyasi sohasidagi yutuqlari va tajribasi o‘rganib kelinmoqda.

Ta’kidlash joiz, xalq diplomatiyasi vositalaridan samarali foydalanish orqali SHHT doirasida o‘zaro ishonch, yaqin sheriklik ruhini mustahkamlash, sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirishga ko‘maklashish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, xalqlarimizning boy tarixi, madaniy merosi, an’analarini asrab-avaylash uchun zarur sharoit yaratish markazning ustuvor vazifalari etib belgilangan.

Mazkur samarali faoliyat doirasida Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan 2022 yil “Xalq diplomati” ko‘krak nishoni ta’sis etilgan. Hozirgacha yurtimiz va boshqa a’zo davlatlarda xalq diplomatiyasi rivojiga munosib hissa qo‘shgan 150 ga yaqin fuqarolik jamiyati, nodavlat-notijorat tashkilotlar vakillari, taniqli fan, ta’lim, sport, san’at va madaniyat arboblari, milliy-madaniy markazlar xodimlari ushbu mukofot bilan taqdirlangan.

Do‘stona muhitni yanada yaxshilash, turli sohalarda hamkorlik aloqalarini kengaytirish maqsadida Toshkentda “O‘zbekiston xalq diplomatiyasi: tarix, bugun va kelajak” mavzusida I Xalqaro xalq diplomatlari kongressi o‘tkazildi.

Tadbirda Belarus, Birlashgan Arab Amirliklari, Pokiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston, Turkiya, Xindiston, Xitoy, Eron kabi mamlakatlardan hamkor tashkilotlar vakillari, Oliy Majlis deputatlari, vazirlik, idoralar, Toshkentdagi diplomatik korpus va milliy madaniy markazlar faollari ishtirok etdi.

Anjumanda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar sarhisob qilinib, kelgusi hamkorlik yo‘nalishlari, istiqboldagi vazifalar ko‘rib chiqildi.

Kongressda Markaz direktori Qobiljon Sobirov, Hindistondagi Rabindranat Tagor xalqaro maktabi Hind tili departamenti mudiri Soniya Bxatiya, Eron Islom Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi Madaniyat ishlari bo‘yicha maslahatchisi Amir Said Karomiy, Qozog‘iston fuqarolik alyansi prezidenti, Xalq diplomatiyasi markazi korporativ jamg‘armasi raisi Bonu Nurg‘aziyeva, Xitoy Xalq Respublikasi elchixonasi maslahatchisi Chi Junlin, Pokiston tinchlik va diplomatik tadqiqotlar instituti ijrochi direktori Muhammad Asif Nur, Yevroosiyo va Afrika xalqlari assambleyasi Bosh kengashi raisi, RF Prezidenti huzuridagi Millatlararo munosabatlar bo‘yicha kengash a’zosi Svetlana Smirnova, Rossiyadagi SHHT Xalq diplomatiyasi milliy markazi direktori Stanislav Korolyov, Birlashgan Arab Amirliklari Xalqaro madaniy diplomatiya instituti asoschisi va boshqaruvi raisi Doktor Muhammad Komil Al-Muainiy, O‘zbekiston xotin-qizlari “Olima” uyushmasi raisi, tarix fanlari doktori, professor Rahbarxon Murtazayeva va boshqalar so‘zga chiqdi.

Ishtirokchilar Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibiyatining onlayn-videomurojaatini ham tinglashdi.

Ta’kidlandiki, O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning teng huquqli sub’ekti sifatida mintaqa va global darajada faol tashqi siyosatni yo‘lga qo‘yib, xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni tobora rivojlantirmoqda. Bunday izchil, aniq va samarali tashqi siyosatni xalqaro ekspertlar, kuzatuvchilar ham e’tirof etmoqda. Yurtimizda, jumladan, SHHT davlatlari bilan ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va o‘zaro ishonch ruhidagi aloqalarni mustahkamlash borish ham doimiy e’tiborda.

Bu jarayonda “xalq diplomatiyasi” faolligi yaqqol kuzatilmoqda. Xususan, xalq vakillari – olimlar va rassomlar, madaniyat va din arboblari, ishbilarmonlar va yoshlar, turizm va sport tashkilotlari, jamoat birlashmalari va nodavlat tashkilotlar ishtirokida ko‘plab uchrashuv, anjuman, videokonfrensiya kabi turli tadbirlar o‘tkazilyapti.

Shu nuqtai nazardan mazkur anjuman xalq diplomatiyasi, ilm-fan, madaniyat, san’at, ta’lim, millatlararo munosabatlarga oid dolzarb masalalarni muhokama qilish maydoni, o‘zaro faol madaniy almashinuvga erishish imkoniyati sifatida alohida ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Taniqli mahalliy va xorijiy ekspertlar tomonidan bugungi murakkab davrda bunday tadbir tashkil qilinishi davlatlar aro do‘stlik, o‘zaro manfaatdorlik, yaxshi qo‘shnichilik tamoyiliga asoslangan munosabatni mustahkamlashga hissa qo‘shishi e’tirof etildi.

Ma’ruzachilar o‘z chiqishida o‘zaro kelishuv, diniy bag‘rikenglik va jamiyatda umuminsoniy qadriyatlar saqlanishini ta’minlash uchun xalq diplomatiyasi mexanizmini faollashtirish zarurligini bir ovozdan ma’qulladilar.

Davlatlar, mintaqalar, fuqarolik jamiyatlari hamkorligini kengaytirish yuzasidan tajriba va fikr almashildi.

Tadbir yakunida O‘zbekistonda xalq diplomatiyasini rivojlantirish, millatlararo totuvlikni mustahkamlashga alohida hissa qo‘shgan bir guruh faollarga “Xalq diplomati” ko‘krak nishoni topshirildi.

Shundan so‘ng Toshkendagi milliy madaniy markazlar, Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti va Toshkent shahri “Barkamol avlod” bolalar maktabi ijodiy jamoalari tomonidan SHHT xalqlari an’anaviy hamda zamonaviy ashula va raqslaridan tuzilgan rang-barang, qiziqarli dastur namoyish etildi.

Bir so‘z bilan aytganda, “O‘zbekiston xalq diplomatiyasi: tarix, bugun va kelajak” mavzusidagi I Xalqaro xalq diplomatlari kongressi xalqlar o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shayotgan xalq diplomatiyasining ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.

O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.

G‘.Xonnazarov,

O‘zA