Poytaxtimizda «Jahon kriminologiyasining ilg‘or tajribalari» mavzusida I xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Ichki ishlar vazirligi, Kriminologiya tadqiqot instituti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Vengriya, Koreya, Rossiya, Hindiston, Belarus kabi davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan vakillar, shuningdek, mamlakatimiz huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ul xodimlari, olimlar ishtirok etmoqda.

Tadbirni kirish so‘zi bilan ochgan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor Bekmurod Abdullayev davlatimiz rahbari boshchiligida ichki ishlar organlari tubdan isloh qilinib, tizim faoliyati zamonaviy xavf-xatarlardan kelib chiqqan holda takomillashtirilganini qayd etdi.

– Jinoyatchilikni jilovlash maqsadida har bir mahallaga profilaktika inspektori ajratildi, – dedi B.Abdullayev. –  Mahallaning o‘zida aholining muammolarini “mahallabay”, “xonadonbay” va “fuqarobay” hal etish orqali xavfsiz muhitni yaratish uchun “mahalla yettiligi” tizimi joriy etildi. Jamoat xavfsizligini ta’minlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish faoliyatiga eng zamonaviy axborot texnologiyalari va raqamli vositalar joriy etilmoqda. Xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rgangan holda har bir jinoyat turini ilmiy nuqtai nazardan chuqur tahlil qilish, hududning kriminogen vaziyatiga qarab baho berish orqali jinoyatchilikni jilovlash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Lekin, barchamiz guvohi bo‘lib turibmiz, bugun dunyoda tahlikali jarayonlar kechmoqda, ayrim mintaqalarda xalqaro keskinlik tobora kuchaymoqda, qurolli to‘qnashuvlar sodir etilmoqda. Mana shunday sharoitda, har kuni yangidan-yangi jinoyat turlari va ularning sodir etilishi usullari paydo bo‘lmoqda. Bu esa, jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida tizimli nazorat o‘rnatish va istiqboldagi muammolarni aniqlab, preventiv chora-tadbirlarni ishlab chiqish amaliyotini yo‘lga qo‘yishni taqozo etmoqda. Bu borada eng samarali usullarni amaliyotga tatbiq etish hamda puxta o‘ylangan mexanizm va uslublarni ishlab chiqish uchun, avvalo, kriminologik tadqiqotlarni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish juda muhim.

Kriminologiya tadqiqot instituti boshlig‘i, polkovnik Baxtiyor Berdialiyev mamlakatimizda kriminologiya sohasi islohotlarga mutanosib ravishda rivojlanib borayotganini qayd etdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti tashkil etilgani bu yo‘nalishdagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Jinoyatchilikning yangidan-yangi turlari, jumladan, kiberjinoyatchilik, transmilliy jinoyatlar, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi kabi muammolarning oldini olish va bartaraf etish esa huquqni muhofaza qiluvchi organlardan katta kuch va og‘ir mehnatni talab qiladi. Qolaversa, idoralararo, davlatlararo hamkorlikni, tajriba almashishni, sodir bo‘layotgan hodisalarni ilmiy asosda o‘rganish, tahlil va prognoz qilishni taqozo etadi.

Xalqaro forumdan ko‘zlangan maqsad ham xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish, jinoyatchilikni ilmiy asosda o‘rganish, tahlil va prognoz qilishda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan iborat.

– Mazkur forumda o‘ndan ziyod xorijiy davlatlar vakillari ishtirok etmoqda, – dedi Kriminologiya tadqiqot instituti yetakchi ilmiy xodimi, podpolkovnik Umid Mirzatillayev. – Forumni o‘tkazishdan maqsad xorijiy davlatlardagi yetakchi, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanadigan mutaxassislar, ularning yo‘nalishlari, aynan kriminologiya sohasida, jinoyatchilikka qarshi kurashish va oldini olish sohasida hamkorlik qilishdir.

Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan 74 ta ilmiy-amaliy va fundamental loyihalar bajarilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shu yilning o‘zida 10 dan ortiq loyiha ustida ish olib borildi. Institut o‘z faoliyatida eng so‘nggi ilg‘or innovatsion texnologiyalar, sun’iy intellekt va “Big data” usullarini qo‘llashga alohida e’tibor qaratgan. Hozirning o‘zida bir nechta innovatsion ishlanmalar uchun patentlar qo‘lga kiritildi. Turkiya Politsiya akademiyasi, Koreya Kriminologiya va adliya instituti hamda Germaniya Quyi Saksoniya Kriminologiya tadqiqot instituti bilan bevosita hamkorlik o‘rnatildi.

Forumda Vengriya Xuquqni muhofaza qilish departamenti (Politsiya akademiyasi) rahbari, general-mayor Gabor Kovach o‘zaro  hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borayotganini qayd etdi. O‘zbekistonda jinoyatlarning oldini olish tizimi rivojlanib borayotganini qayd etdi. Forum davomida ilg‘or tajriba almashilayotgani yaxshi natijalar berishini alohida ta’kidladi.

Forum doirasida Vengriya, Qozog‘iston, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Chernogoriya, Rossiya, Yaponiya xalqaro hamkorlik tashkiloti (JICA), Hindiston vakillari bilan ikki tomonlama hamkorlik memorandumlari va hamkorlik dasturlari imzolanadi.

Norgul Abdurimova,

Asliddin Alijonov (surat),

Doniyor Yakubov (video),

Anvarxo‘ja Ahmedov montaj),

O‘zA