Soliq imtiyozlari berilishi sohaning yanada rivojlanishiga, tarmoqda bandlik darajasi oshishiga yo‘l ochadi.

Ipakchilik sohasini yanada rivojlantirish, tutzorlarni tashkil etish va ipak qurtini boqish orqali aholi bandligini ta’minlash hamda daromadlarini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Pillani qayta ishlash, ipak qurti urug‘chiligi va tutchilik xo‘jaliklarining faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Sohada 108 ming doimiy va 1 milliondan ortiq mavsumiy ishchilarning bandligi ta’minlanmoqda.

Soliq kodeksining 483-moddasiga 2023 yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda jismoniy shaxslarning uy sharoitida tirik pilla yetishtirish (kasanachilik) faoliyatidan olingan daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda.

Bu Senatning yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi Coliq kodeksining 483-moddasiga ipakchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishga qaratilgan qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan.

Qonunga ko‘ra, pilla yetishtiruvchi yuridik shaxslarning uy sharoitida tirik pilla yetishtiruvchi kasanachilar mehnatiga haq to‘lashga yo‘naltiriladigan mablag‘lari hamda bo‘shagan mablag‘larni kasanachilarni moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltirish sharti bilan ijtimoiy soliqdan ozod qilinadi.

Qonunda pilla yetishtirish sohasida ozuqa bazasi sifatida foydalaniladigan tutzorlar bilan band bo‘lgan yer uchastkalari uchun yer solig‘i xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari belgilagan soliq stavkalariga nisbatan 0,1 koeffitsiyent qo‘llanilgan holda hisoblab chiqarilishi belgilanmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun ipakchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish, sohada ishlab chiqarish hajmi, tayyor mahsulot ulushi hamda eksport salohiyatini oshirish imkonini beradi.

N.Abduraimova,

N.Haydarov (surat), O‘zA