Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli va Chimboy tumanlarida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi hamda Global yashil o‘sish instituti (GGGI) bilan hamkorlikda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.
Tadbirda tuman hokimlari, sektor rahbarlari, qishloq xo‘jaligi va suv xo‘jaligi bo‘limi boshliqlari, suv tejovchi texnologiyalarni quruvchi va ularning ehtiyot qismlarini ishlab chiqaruvchi, loyihalovchi korxona mutaxassislari, fermerlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni tashkil etishdan asosiy maqsad – GGGI tomonidan fermer xo‘jaliklariga grant asosida berilgan bog‘larni tomchilatib, bug‘doy yerlarini yomg‘irlatib sug‘orish uskunalari bilan yaqindan tanishtirishdan iboratdir.
Ishtirokchilar dastlab Kegeyli tumanida joylashgan “Agroimpeks” fermer xo‘jaligi bilan yaqindan tanishdi. Agarda, mavjud suv resurslarining salmoqli qismi qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishga sarflanishi e’tiborga olinsa, bu beminnat ne’matdan tejab-tergab foydalanish dolzarb masala ekanligi oydinlashadi. Shu maqsadda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilsa, hosildorlik ko‘tarilishi bilan birga, suvni tejash imkoniyati ham yuzaga keladi. Ushbu texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tashkil etilgan mazkur seminarda soha mutaxassislari tomonidan yangilarini o‘rnatish borasida yig‘ilganlarga tushuntirish berildi.
Ishtirokchilar Chimboy tumanidagi “Juzbasi” fermer xo‘jaligida ham bo‘ldi. Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonda agrar va suv xo‘jaligi sohasini isloh qilishga qaratayotgan e’tibori va bu yo‘nalishda qabul qilinayotgan farmon va qarorlar nafaqat suvchi yoki fermerlarga, balki butun hudud aholisiga ko‘rsatilgan g‘amxo‘rligi ekani tadbirda alohida e’tirof etildi. O‘z navbatida yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalangan holda belgilangan vazifalarni sidqidildan bajarish uchun har bir kun va soatdan unumli foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbirda fermer xo‘jaliklari rahbarlari suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollar va o‘tgan yilda kuzatilgan kamchiliklar yuzasidan mas’ullarga murojaat qilishdi. Yechimlar izlandi, yangi hamkorlik rejalari tuzildi. Mutaxassislar guruhi maydonlarni loyihalash, suv keltirish va hovuz tindirgichlarni qurish, nasos agregati, filtrlari, o‘g‘it berish moslamasini montaj qilish, elektr uzatish tarmoqlarini qurish, bosh va tarqatuvchi quvurlarni hamda tomchilovchi shlanglarni montaj qilish kabi yo‘nalishlarda ish olib boradi. Bu guruhlar suv tejovchi texnologiyalarning sifatli ishlashini va fermerlarga kafolatli servis xizmat ko‘rsatilishini ta’minlaydi.
Tadbir yakunida hududlarda suv tejovchi texnologiyalarni belgilangan maydonlarda o‘z vaqtida va sifatli o‘rnatish ishlarini tizimli tashkil qilish maqsadida bu kabi ko‘rgazmali seminarlar doimiy ravishda o‘tkazilishi belgilandi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.