Qozog‘istonda 2008-2011 yillarda tug‘ilgan hamda undan kichik yoshdagi sportchilar o‘rtasida qilichbozlik bo‘yicha xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi. Mazkur musobaqada Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘izistondan kelgan qilichbozlar o‘zaro raqobatlashdi.
Xalqaro turnirning shpaga yo‘nalishi bo‘yicha kechgan yakkalik bahslarida Vadim Bagautdinov va Durdona Dauletboyeva, 2011 yildagi qilichbozlar orasida Aziz Eshonqulov birinchi, Xurshid Ro‘ziboyev, Islom G‘ofurjonov, Shabnam Alisherova uchinchi pog‘onadan joy oldi.
Shuningdek, kadetlar o‘rtasidagi jamoaviy bahslarda terma jamoamiz o‘g‘il bolalar toifasida birinchi bo‘lgan bo‘lsa, qizlar terma jamoamiz uchinchi o‘rinni egalladi.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, 2011 yilda tug‘ilgan sportchilar o‘rtasidagi jamoaviy bahslarda o‘g‘il bolalar jamoamiz oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Nufuzli turnirning rapira yo‘nalishida O‘zbekiston qizlar terma jamoasi ikkinchi, qoraqalpog‘istonlik qilichbozlardan iborat termamiz esa ikkinchi pog‘onaga ko‘tarildi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA