Xalqaro voleybol federatsiyasi kelgusi yili 19 va 21 yoshgacha bo‘lgan jamoalar o‘rtasida o‘tadigan jahon chempionatlarini qabul qiladigan mamlakatlar ro‘yxati va musobaqalar sanasini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 2025 yil 19 yoshgacha bo‘lgan qizlar jamoalari o‘rtasidagi jahon chempionati 3-13 iyul kunlari Xorvatiya va Serbiya davlatlarida tashkil etilsa, 19 yoshgacha bo‘lgan yigitlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga poytaxtimiz Toshkent mezbonlik qiladi.

Mamlakatimizda tashkil etiladigan jahon chempionati bahslari 24 iyul – 3 avgust kunlari bo‘lib o‘tishi belgilandi.

Poytaxtimiz mezbonligida kechadigan jahon chempionati bahslarida 24 ta jamoa ishtirok etadi. Qur’a tashlash marosimi joriy yilning 24 dekabrida bo‘lib o‘tadi.

Xalqaro voleybol federatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 21 yoshgacha bo‘lgan ayollar jamoalari o‘rtasidagi jahon chempionati kelgusi yilning 7-17 avgust kunlari Indoneziyada, ushbu yosh toifasidagi erkaklar jamoalari o‘rtasidagi dunyo birinchiligi esa 18-31 avgust kunlari Xitoyda tashkil etilishi nazarda tutilgan.

T.Ro‘ziyev, O‘zA