Joriy yilning 15-19 oktyabr kunlari dunyo kurash ixlosmandlarining, millionlab kurashchilarning diqqat e’tibori Termiz shahriga qaratiladi.

Xalqaro kurash assotsiatsiyasi taqvimidan o‘rin olgan yilning eng nufuzli ikkita kurash musobaqasiga Termiz shahri mezbonlik qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “World Series Pro” xalqaro turnirining final bosqichi va al Hakim at-Termiziy xalqaro musobaqalarida sayyoramizning eng kuchli polvonlari bahslarga kirishadi.

Xalqaro kurash assotsiatsiyasi xabariga ko‘ra, dastlab kurash bayramini “World Series Pro” xalqaro turniri boshlab beradi.

Davlatimiz rahbarining alohida e’tibori, milliy sportimiz kurashning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish maqsadida ikki yildan beri an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur turnirning final bosqichiga Osiyo, Yevropa, Afrika va Pan-Amerika qit’asidan saralangan 80 nafar kurashchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash olib boradi.

Xalqaro kurash assotsiatsiyasi reyting tizimiga binoan har bir vazn toifasida eng yuqori ballarga ega 8 nafar kurashchi final bosqichida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi. Reyting ballari esa yil davomida o‘tkazilgan qit’a chempionatlari, xalqaro turnirlar va so‘nggi jahon chempionatida erishilgan natijalarga asosan belgilanadi.

Termiz shahridagi Alpomish o‘yingohida bo‘lib o‘tadigan “World Series Pro” turnirining umumiy sovrin jamg‘armasi 170 ming AQSH dollarini tashkil etadi.

Har bir vazn toifasida 1-o‘rin sohiblari 10 ming, 2-o‘rinni qo‘lga kiritganlar 5 ming va 3-o‘rin sohiblari ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.

Erkaklar -66, -73, -81, -90, -100 va +100 kilogramm, ayollar -52, -63, -78 va +78 kilo og‘irlikda o‘tadigan bahslarda ishtirok etadi.

An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun al Hakim at-Termiziy xalqaro turniri 18 oktyabr kuni o‘tkazilib, uning umumiy sovrin jamg‘armasi 130 ming AQSH dollari etib belgilangan. Mazkur yo‘nalishda bosh sovrinni qo‘lga kiritgan kurashchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini bo‘lgan 20 ming AQSH dollariga ega chiqadi.

Mutlaq vaznda 2-o‘rin sohibi 10 ming, 3-o‘rin sohiblari 5 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofotini qo‘lga kiritadi.

Shuningdek, boshqa vazn toifalarida g‘oliblikka erishgan kurashchi 5 ming, 2 o‘rin sohiblari 2 ming 500 va 3-o‘rin egalari ming AQSH dollari mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Surxondaryo viloyat hokimligi, O‘zbekiston kurash federatsiyasi tomonidan ushbu nufuzli musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazish borasida qizg‘in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA