Har yili 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan keng jamoatchilik vakillari, yoshlar, murabbiylar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani markazida o‘rnatilgan “Ustozga ehtirom” haykali poyiga gullar qo‘yadi. Muallim hurmatiga o‘rnatilgan ushbu haykal mamlakatimizda yagona bo‘lib, yaratilishining o‘ziga xos tarixi bor.

2001 yilda tumanda marhum xonanda Otajon Xudoyshukurov ijodiga bag‘ishlangan katta tadbir o‘tkaziladi. Unga Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Omon Matchon, Usmon Azim, Muhammad Yusuf, Matnazar Abdulhakim, Oshiq Erkin kabi taniqli ijodkorlar tashrif buyuradi. Shoirlar ketma-ket go‘zal she’rlari bilan yig‘ilganlarni xushnud qiladi. She’r o‘qish navbati xorazmlik shoir Matnazar Abdulhakimga beriladi.

Shoir minbarga chiqib biroz o‘ylanib turadi-da, “Birinchi o‘qituvchimga bag‘ishlangan she’rimni aytib bermoqchiman”  deydi. Shoir butun vujudi bilan “Darsdan so‘ng” nomli she’rini o‘qiydi. Shunda zalda yig‘lamagan kishi qolmaydi. She’r ta’siridan hammaning yuraklari larzaga kelgan edi.

She’rning qisqacha mazmuni quyidagicha:

Voqea olis qishloqlarning birida yuz bergan. Bitta muallima uzoq qir oshib, maktabga qatnab, bolalarga dars o‘tar edi. Bir kuni u o‘quvchilarga insho yozdiradi. Butun sinfdan 7 nafar o‘quvchi insho yozmay qoladi. Muallima ertaga, albatta, yozib keling, deb tanbeh beradi. Qolgan o‘quvchilarning daftarlarini yig‘ib olib, uyiga qaytmoqchi bo‘ladi. Qarasa, kun kech bo‘lib qolgan. Har kuni kelib olib ketadigan turmush o‘rtog‘i esa bugun kelmagan. Hamkasblari “Buguncha biznikida qoling, kun kech bo‘lib ketdi” deb qistasa ham u yo‘lga chiqadi. Yo‘lda ketayotib xayoliga turli o‘ylar keladi.Nimaga eri kelmadi ekan-a? Yoki o‘g‘lim xastalanib qoldimikan?

Nima bo‘lsa ham uyga tezroq yetay deb  o‘nqirmi, cho‘nqirmi, o‘rmi, qirmi, qaramasdan shoshilib ketar edi. Birdan izidan bir qora ergashib kelayotganday tuyuladi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, iziga och qashqir tushgan ekan. Esiga qashqirning olovdan qo‘rqishi keladi va qo‘ltiqlab kelayotgan daftarlarni yoqa boshlaydi. Daftarni yoqqanda qashqir ham to‘xtaydi. O‘zi ham yuragini bosib oladi.

Ovulga yetay deganda muallimda daftar tugaydi, qashqirda esa toqat…

Agar shu kuni qolgan 7 nafar o‘quvchi ham inshoni yozib topshirganda edi, muallim omon qolarmidi?

Ertasiga muallimning janozasida butun xalq yig‘laydi, hammadan battar yetti nafar o‘quvchi, jumladan, ulardan biri she’rdagi lirik qahramon ham o‘ksib-o‘ksib yig‘laydi.

Tadbirda o‘qilgan ushbu she’rdan o‘sha paytdagi tuman hokimi Ne’matulla Xudoybergenov ham juda ta’sirlanadi va muallimaga haykal o‘rnatish g‘oyasini ilgari suradi.

Shunday qilib, 2003 yil “Ustozga ehtirom” haykali bunyod etiladi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri