Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida Falastin tomonidan ilk bor taqdim etilgan va Isroildan 12 oy ichida ishg‘ol qilingan hududlardagi mavjudligini to‘xtatish talab qilingan rezolyutsiya mutlaq ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilindi.

Falastinning BMTdagi doimiy vakolatxonasi joriy yilning may oyida BMT Bosh Assambleyasida ovoz berish yo‘li bilan qo‘shimcha huquqlarni olganidan keyin o‘zining birinchi rezolyutsiya loyihasini Bosh Assambleyaga taqdim etdi. 

Rezolyutsiya “Isroilning bosib olingan Sharqiy Quddus va Falastinning qolgan hududlaridagi noqonuniy amaliyotlari” deb nomlangan favqulodda maxsus sessiyada ovozga qo‘yildi.

40 dan ortiq davlat tomonidan taqdim etilgan rezolyutsiya loyihasi, 124 ta yoqlab, 14 ta qarshi ovoz bilan qabul qilindi.  43 davlat ovoz berishda betaraf qoldi.

AQSH, Isroil, Chexiya, Argentina, Vengriya, Fiji, Malavi, Mikroneziya, Nauru, Palau, Papua-Yangi Gvineya, Paragvay, Tonga va Tuvalu qarshi ovoz berdi.

“Biz Isroildan bosib olingan Falastin hududlaridagi noqonuniy mavjudligini kechiktirmasdan to‘xtatishni va rezolyutsiya qabul qilingandan keyin 12 oy ichida buni amalga oshirishni talab qilamiz”, deyiladi qabul qilingan rezolyutsiya matnida.

Rezolyutsiyada Isroildan Xalqaro Sud qarorlari asosida ishg‘olini to‘xtatish talabi bilan bir qatorda, barcha aholi yashash punktlaridan qo‘shinlarini olib chiqish ham talab qilinmoqda. Hujjatga ko‘ra, Isroil bosib olingan Falastin hududlariga yetkazgan zararni ham qoplashi kerak.

Shu munosabat bilan, rezolyutsiyada “barcha a’zo davlatlar xalqaro huquq bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga” chaqiriladi. Shuningdek, ulardan falastinliklarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini qo‘llab-quvvatlash, Isroil tomonidan yaratilgan noqonuniy vaziyatga toqat qilmaslik, unga yordam bermaslik va zarur sanksiyalarni qo‘llash so‘ralgan.

G.Sattorova, O‘zA