Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva ma’lum qildi.
Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi “Gender tenglik faoli” milliy tanlovini e’lon qiladi.
Tanlovni o‘tkazishdan maqsad har bir tashkilotda gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan siyosatni shakllantirish, tashkilotlar faoliyatiga gender yondashuvlarni joriy etish, gender tenglikka erishish masalalariga jamoatchilik e’tiborini keng jalb etish, turli tuzilmalar faoliyatiga gender tenglikni singdirishdan iborat.
Tanlovda gender tenglikni ta’minlash sohasida yuqori natijalarga erishgan, ushbu yo‘nalishda jamiyat rivoji yo‘lida tashabbus ko‘rsatayotgan, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, o‘z sohasiga tegishli yo‘nalishlarda dolzarb vazifalarni amalga oshirayotgan vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari, hokimliklar, tadbirkorlik sub’ektlari hamda ommaviy axborot vositalari qatnashishi mumkin.
Tanlov 7 ta asosiy va 3 ta qo‘shimcha nominatsiya asosida o‘tkaziladi. Tanlov quyidagi bosqichlarda o‘tkaziladi:
–birinchi bosqich – tuman va shaharlarda 20-30 sentyabr kunlari;
–ikkinchi bosqich – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 5-20 oktyabr kunlari;
–uchinchi bosqich – respublika bosqichi noyabr oyida bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, mazkur tanlov 2020 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan bo‘lib, unda 80 dan ortiq vazirlik va idora, nodavlat notijorat tashkiloti, hokimlik, tadbirkorlik sub’ekti hamda ommaviy axborot vositalari g‘olib bo‘lgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA