Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida
Iordaniyaning “Amman News” nashri “O‘zbekistonning Mustaqillik kuni xalqni birlashtirgan, qalblarni mehr-muhabbatga to‘ldiruvchi kundir” sarlavhali maqola e’lon qildi.
Maqolada Mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan ezgu g‘oya ostida “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida bayram tantanasi bo‘lib o‘tgani, Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqimizni ushbu ulug‘ ayyom bilan tabriklab, nutq so‘zlagani batafsil yoritilgan.
Muallif yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, millat-elatlar ahilligi, mehr-oqibat muhiti, ko‘mak va e’tiborga muhtoj insonlarga ko‘rsatilayotgan doimiy g‘amxo‘rlik davlat siyosatining uzviy qismiga aylanganini e’tirof etgan.
– Tinchlik va osoyishtalik, fuqarolar totuvligi, diniy bag‘rikenglik, turli madaniyat vakillarining jamiyat hayotidagi teng ishtiroki Yangi O‘zbekistonning o‘ziga xos xususiyati bo‘lib, bu tajriba dinlar aro va madaniyatlar aro muloqotni rivojlantiradi, rag‘batlantiradi, – deb yozgan nashr Prezidentimizning bayram shodiyonasida so‘zlagan nutqidan quyidagi iqtibosni ham keltirgan:
– Aynan mustaqillik tufayli milliy davlatchiligimiz qayta tiklandi. O‘zbekiston yangi tarixiy davrga qadam qo‘ydi. Aynan istiqlol tufayli Jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladik. Bu bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi. Shunday qutlug‘ kunda O‘zbekiston mustaqilligi uchun kurashgan vatanparvar ajdodlarimiz xotirasini minnatdorlik bilan yodga olishimiz tabiiy, albatta. Bu fidoyi zotlarning nomlarini hech qachon unutmaymiz. Ularning xotirasi qalbimizda, yuragimizda hamisha yashaydi!
Tantanali konsert dasturi namoyish etilgani, kuy-qo‘shiqlarda xalqimizning boy san’ati va qadriyati, folklor jamoalari chiqishlarida millatlararo totuvlik namoyon bo‘lgani ta’kidlangan.
Tadbir davomida samoda samolyotlar O‘zbekiston bayrog‘ini hosil qilgani, tantanalar Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan hashamatli mushakbozlik bilan yakunlanganiga urg‘u berilgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA