O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasi joriy yilning 2 – 3 sentyabr kunlari Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiya (ESKATO) tomonidan Ostona shahrida tashkil etilgan «Raqamli inklyuziya va transformatsiya bo‘yicha Osiyo – Tinch okeani vazirlar konferensiyasi»da ishtirok etish uchun xizmat safarini amalga oshirdi.

Ushbu tadbir doirasida vazir Sherzod Shermatov Qozog‘iston Respublikasi Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri J.Madiyev bilan uchrashuv o‘tkazdi, deyiladi Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotida.

Uchrashuvda raqamli ko‘nikmalarni o‘qitishni ta’minlash, raqamli inklyuzivlik va raqamli transformatsiya bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik holati va uni mustahkamlash istiqbollariga e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, raqamli innovatsiyalarni jadallashtirish uchun zarur mintaqaviy hamkorlik rejalariga to‘xtalib o‘tildi.

Yana bir muhim masala, ikki mamlakat ishtirokida kosmosga o‘zaro sun’iy yo‘ldoshlar guruhini uchirish bo‘yicha hamkorlikni amalga oshirish masalasini o‘rganish va ma’lumotlarni joriy yil yakuniga qadar tahlil qilib, takliflarni belgilab olish muhokama qilindi.

A. RUSTAMOV, O‘zA