28 avgust kuni Toshkent shahrida Oliy Majlis Senati majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik oltinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Dastlab Oliy Majlis Senatining ellik oltinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun bilan «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tadbirkor» faxriy unvoni biznesning yangi, yuqori daromadli yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘ygan, sohaga innovatsiyalarni keng joriy qilish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, eksport salohiyatini oshirish, xorijiy va mahalliy investitsiyalarni faol jalb qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish hamda aholi farovonligini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, shuningdek, o‘z faoliyati davomida davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlikni amalga oshirib, ijtimoiy loyihalardagi faolligi bilan boshqalarga namuna bo‘layotgan, biznes yuritishda katta tajribaga ega, ilg‘or va tashabbuskor tadbirkorlik sub’ektlari rahbarlari va ta’sischilariga berilishi nazarda tutilgan.
Qonunga ko‘ra “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvonini ta’sis etilishi munosabati bilan “O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlarini ta’sis etish to‘g‘risida”gi va “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Ta’kidlanganidek, qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda iqtisodiyotni o‘sishini, tadbirkorlikning yanada rivojlanishini, yangi ish o‘rinlari yaratishni ta’minlashda barchaga namuna bo‘layotgan, turli sohalarda yuqori natijalarga erishib kelayotgan tadbirkorlar faoliyatini rag‘batlantirish imkonini beradi.
Muhokamadan so‘ng qonun ma’qullandi.
Shundan so‘ng senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yerni va yer osti boyliklarini asrab qolishga hamda muhofaza qilishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonunni muhokama qildi.
Qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda yerni va yer osti boyliklarini asrash hamda muhofaza qilish, shuningdek, yer uchastkalaridan oqilona va maqsadli foydalanilishini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Respublikamizda 2676 ta foydali qazilma koni mavjud bo‘lib, ulardan ruxsatnoma asosida tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan 2 mingdan ziyod foydali qazilma qazib olinmoqda.
Ayniqsa, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish rivojlanyapti. Prezidentimizning 2018 yil noyabrdagi tegishli qarori bilan tadbirkorlikning bir turi sifatida mazkur faoliyatning ham huquqiy asoslari yaratildi. 2019–2023 yillar mobaynida qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati uchun 300 dan ziyod ruxsatnoma rasmiylashtirilib, tadbirkorlik faoliyatining qonuniyligi ta’minlangan.
Ammo ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish bilan bog‘liq holatlar hamon kuzatilyapti. O‘tgan bir yilda qimmatbaho metallarni noqonuniy yo‘l orqali qazib olish bilan bog‘liq 100 dan ziyod holat aniqlangan.
Jizzax, Samarqand, Navoiy va Toshkent viloyatlarida jami 79 nafar jismoniy shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Sohada huquqbuzarlik holatlari ortib borishi mazkur qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Shuning uchun ham Jinoyat kodeksida foydali qazilmalarni qonunga xilof ravishda qazib olish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin takror sodir etganlik uchun, shuningdek, foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutadigan normalar mustahkamlanmoqda.
Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish, shuningdek, yer berish tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzish yuzasidan ichki ishlar organlariga zarur vakolatlar berilmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu qonun yerni va yer osti boyliklarini asrab qolish hamda muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini, shuningdek, mazkur sohadagi huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini ta’minlashga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, Senatning 56-yalpi majlisida muhokama markazida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlarda ishlarni ko‘rishda prokurorning vakolatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bo‘ldi.
Qonun bilan sud ishlarini yuritishda taraflarning tortishuvi prinsipini yanada aniqlashtirishga qaratilgan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, davlat manfaatlari samarali himoya qilinishini ta’minlash borasida sudlar tomonidan fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlarni ko‘rishda prokurorning ishtirokiga, shuningdek, ishlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qabul qilingan sud hujjatlari ustidan shikoyat qilishga taalluqli protsessual normalar ham oydinlashtirilmoqda.
Qonun bilan prokuror davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida fuqarolik va iqtisodiy sudlardagi yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki, davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash, atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, davlat byudjetidan undiruvlar, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish, xususiy mulk sifatida egalik qilish va undan foydalanish faktini aniqlash, bojxona to‘lovlarini undirish bilan bog‘liq ishlarda ishtirok etishi mumkinligi belgilanmoqda.
Shuningdek, prokuror fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga davlat manfaatlarini himoya qilishga aloqador masalalar yuzasidan ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega ekanligi ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha prokuror sud majlisi vaqti va joyi to‘g‘risida belgilangan tartibda xabardor etilmagan bo‘lsa, prokuror ushbu ishlarni suddan talab qilib olib o‘rganishi hamda ular bo‘yicha protest keltirishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.
Senatorlar ta’kidlashicha, qonunning qabul qilinishi prokuratura organlarining odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashish borasidagi faoliyati samaradorligini yanada oshirishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat hamda davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini to‘laqonli himoya qilishga, shuningdek, sudlarda ishlarni muhokama qilishda qonuniylikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.
Bundan tashqari, Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kommunal to‘lovlarni sud orqali undirishda qulayliklar yaratishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.
Qonun bilan Fuqarolik protsessual kodeksi va “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Unga ko‘ra ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari o‘zlari tomonidan aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi da’volar, arizalar va shikoyatlar bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha va iqtisodiy sudlarga murojaat qilishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.
Shuningdek, aholining ortiqcha ovoragarchiligining oldini olish va odil sudlovni ta’minlash maqsadida Fuqarolik protsessual kodeksiga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Jumladan, fuqarolik ishlari bo‘yicha va iqtisodiy sudlarga ko‘p kvartirali uyning joylari mulkdorlaridan majburiy badallar va to‘lovlarni undirish bo‘yicha sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilishda arizaga ilova qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar ro‘yxati qat’iy belgilab qo‘yilmoqda.
Senatorlarning fikricha, mazkur qonunning qabul qilinishi fuqarolarning va tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishni so‘rab sudga murojaat qilish huquqi kafolatlarini yanada kuchaytirishga, shuningdek, odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Muhokamadan so‘ng qonun ma’qullandi.
Senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun har bir fuqaroning teng saylov huquqlari kafolatlarini mustahkamlash, “oilaviy” ovoz berish holatlarining oldini olish va saylov kampaniyalarida moliyaviy operatsiyalarning shaffofligini ta’minlashga qaratilganligi qayd etildi.
Qonun orqali O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga saylov jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan ayrim tuzatishlar kiritilmoqda.
Xususan, saylov (ovoz berish) byulletenlarini berish tartibini buzganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarigacha miqdorda jarima solinishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, qonun saylovda ishtirok etish uchun ajratilgan davlat mablag‘lari yuzasidan moliyaviy hisobotlarni taqdim etish tartibini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilashni nazarda tutadi. Unga ko‘ra, saylovda ishtirok etish uchun ajratilgan davlat mablag‘lari to‘g‘risidagi oraliq yoki yakuniy hisobotni ciyosiy partiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etmaslik yoki o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoxud hisobotda bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etish, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Senatorlar tomonidan ushbu qonun har bir fuqaroning teng saylov huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlashga, saylov kampaniyasi vaqtida foydalanilgan Davlat byudjeti mablag‘lari to‘g‘risida tezkor va ishonchli axborot taqdim etishning huquqiy asoslarini takomillashtirishga, siyosiy partiyalarning Davlat byudjeti mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha moliyaviy hisobdorlik mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Amaldagi qonun hujjatlarini yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan ushbu qonun yangilangan Konstitutsiyada mustahkamlangan tamoyillarni amalga oshirishga qaratilgan bir qator muhim tuzatishlarni o‘z ichiga olganligi qayd etildi.
Xususan, 26 ta qonun hujjatlarining, shu jumladan, 6 ta kodeks va 20 ta qonun normalari yangilangan Konstitutsiyaning 19-moddasida belgilangan “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar qonun oldida tengdirlar” degan qoidaga muvofiqlashtirilmoqda.
Shuningdek, mazkur qonun orqali “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunga ommaviy axborot vositalarining erkinligi va mustaqilligi hamda qonunga muvofiq ish olib borishi haqidagi norma bilan to‘ldirilmoqda.
Yana muhim o‘zgarishlardan biri Mehnat kodeksi va “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunga qarindoshining sudlanganligiga qarab ishga qabul qilishni rad etish kabi kamsitishlarning oldini olish bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Senatorlar tomonidan ushbu qonun fuqarolar himoyasining huquqiy kafolatlarini yanada mustahkamlashga, ularning huquqlarini amalga oshirishda, shu jumladan, ishga qabul qilishda teng imkoniyatlarni ta’minlashga, shuningdek, ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.
Yalpi majlisda jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 7 ta masala, shu jumladan, 6 ta qonun muhokama qilindi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik oltinchi yalpi majlisi yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati