Joriy yilning 20 avgust kuni turizm sohasi yuqori sur’atlarda rivojlanayotgan Ras al Xayma amirligida “Air Arabia” aviakompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib qilishga oid taqdimot tadbiri tashkil etildi.
Ras al Xayma shahridagi “Hilton Garden INN” mehmonxonasida uyushtirilgan tadbir doirasida O‘zbekiston turizm salohiyatini namoyish qiluvchi stend ham tashkil etildi. Tadbirda Ras al Xayma va shimoliy amirliklarda faoliyat yurituvchi 35 ta kompaniyaning 50 dan ortiq vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilarga elchixona vakillarining O‘zbekiston turizm imkoniyatlari taqdimoti, 2024 yil 21-23 noyabrda bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro turizm ko‘rgazmasi dasturi va uning doirasida sayyohlik kompaniyalari uchun tashkil etiladigan “Hosted buyers” dasturi va unda ishtirok etish shartlari taqdim etildi.
Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan blogerlar tayyorlagan videolavhalar namoyish etildi, ular O‘zbekistonda turizm imkoniyatlari, sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlar haqidagi o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
Yig‘ilish so‘ngida “Air Arabia” aviakompaniyasining parvozlar geografiyasi Markaziy Osiyo bo‘ylab kengayib borishiga doir taqdimotidan so‘ng O‘zbekistonga bepul chiptalar taqdim etuvchi lotereya uyushtirdi.
O‘zA