Nukus shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti davom etmoqda.
Hozir ko‘p eksportchilar yirik xorijiy savdo tarmoqlariga 3-4 oy kechiktirib to‘lash sharti bilan mahsulot yetkazib bermoqda.
Uzluksiz ishlab chiqarish uchun korxonalarda aylanmaga ehtiyoj oshayapti. Lekin, hamma tadbirkorda ham yangi kredit olish, unga garov topish imkoniyati yo‘q.
Tadbirkordan garov talab qilmaydigan eng qulay instrument bu – faktoring. Xalqaro moliya korporatsiyasiga ko‘ra, bizda 10 milliard dollarlik faktoring xizmatiga talab bor. Hozir bu xizmatni faqat banklar, mikromoliya tashkilotlari ko‘rsatayapti.
Bundan buyon bank bo‘lmagan yangi institut – faktoring tashkiloti uchun yo‘l ochiladi. Ular xorijiy valyutada ham xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi. Bu jarayonda qatnashadigan bank, mikromoliya, faktoring tashkiloti va tadbirkorlar foydalanadigan alohida elektron platforma ishga tushadi. Ya’ni, tadbirkor undan o‘ziga qulay moliyaviy mahsulotni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Umuman, faktoringni ommalashtirish hisobidan tadbirkorlarga aylanma uchun 20 trillion so‘m, eksportchi korxonalarga 1 milliard dollar qo‘shimcha moliyaviy resurslar paydo bo‘ladi.
O‘zA