Proporsional saylov tizimida saylovchilar aniq bir shaxsga emas, balki tizimda saylovchi siyosiy partiya uchun ovoz beradi.
Proporsional saylov tizimi – har bir partiya olgan ovozlar soniga mutanosib ravishda deputatlik o‘rinlarini taqsimlash yo‘li bilan belgilanadigan saylov tizimining bir turidir. Shundan kelib chiqib, agar biror partiya 30 foiz ovoz olsa, parlamentdagi o‘rinlarining 30 foizga yaqinini qo‘lga kiritadi. Umumiy tarzda aytadigan bo‘lsak, proporsional saylov tizimi deganimizda mutanosiblik prinsipini tushunamiz.
E’tibor qaratadigan bo‘lsak, tarixda yigirmanchi asrgacha saylovlar instituti sof majoritar shaklda mavjud bo‘lgan. Partiya ro‘yxati bo‘yicha, ya’ni proporsional saylov tizimi bo‘yicha saylovlar birinchi marta 1899 yilda Belgiyada joriy etilgan. Keyinchalik, 1906 yilda Finlyandiyada, 1909 yilda Shvetsiyada, 1921 yilda Daniya va Norvegiyada proporsional saylov tizimi qo‘llanila boshlandi.
Hozirgi kunda proporsional saylov tizimi Ispaniya, Turkiya, Isroil, Gretsiya, Shveysariya, Polsha, Avstriya, Latviya, Xorvatiya kabi mamlakatlarda qo‘llanilib kelinmoqda. Hozirgi kunda mazkur tizimdan 80 ga yaqin davlatlar foydalanadi.
Proporsional saylov tizimida saylov natijalarini aniqlashda qonunchilikda vakillik organida mavjud deputatlik o‘rinlariga da’vogarlik qilish uchun siyosiy partiyalar qo‘lga kiritishi zarur bo‘lgan ovozlarning ma’lum bir o‘tish miqdori belgilanadi.
Masalan, Saylov kodeksiga muvofiq, Qonunchilik palatasiga saylovda yagona saylov okrugi bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz ovozini olgan siyosiy partiyalar belgilangan tartibda mandatga ega bo‘ladi.
Savol tug‘iladi, xorijiy mamlakatlarda bu talab qanday belgilangan?
Darhaqiqat, proporsional saylov tizimida saylovlarda olingan ovozlar bilan amalda parlamentda egallangan mandatlar mutanosibligini ta’minlashdir. Xorijiy mamlakatlarda proporsional saylov tizimidagi qo‘yilgan minimal talablarga to‘xtaladigan bo‘lsak, buni quyidagi misollarda ko‘rishimiz mumkin. Lixtenshteynda sakkiz foiz, Turkiyada yetti foiz, Isroilda uch foiz, Shvetsiyada to‘rt foiz, Daniyada ikki foiz, Polshada besh foiz va boshqa shu kabi misollarni ko‘rsatib o‘tishimiz mumkin.
Proporsional saylov tizimida ham ayollar sonining nomzodlarga nisbatan salmog‘iga alohida e’tibor qaratiladi. Jumladan, Saylov kodeksida partiya ro‘yxatidagi nomzodlarning tartib raqami bo‘yicha kamida har har besh nafar nomzodning ikki nafari ayol nomzod bo‘lishi kerakligi belgilab qo‘yildi.
Misol tariqasida, qo‘shni mamlakatlarimizda Qozog‘istonda partiyaviy ro‘yxatdagi nomzodlarning 30 foiz ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslardan iborat bo‘lishi kerakligi, Norvegiyada 40 foiz, Daniyada 50 foiz vakili bo‘lishi talabi belgilab qo‘yilgan.
Ta’kidlab o‘tish lozimki, partiya ro‘yxati bo‘yicha yetmish besh nafardan kam bo‘lmagan, yuz nafardan ko‘p bo‘lmagan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishga vakolatlidir.
Partiya ro‘yxatiga kiritilgan nomzodlar ushbu siyosiy partiyaning a’zolari yoki partiyasiz bo‘lishi mumkin. Boshqa siyosiy partiyaning a’zolari ushbu ro‘yxatga kiritilishi mumkin emas. Ayni bir nomzod faqat bitta partiya ro‘yxatiga kiritilishi mumkin.
Yana bir muhim jihat, bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘rsatilgan nomzodlar partiya ro‘yxatiga kiritilishi mumkin emas. Deputatlikka nomzodlarni tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan belgilanadi.
Yagona saylov okrugi bo‘yicha Qonunchilik palatasiga saylov natijalarini aniqlash tartibi qanday?
Birinchidan, yagona saylov okrugi bo‘yicha saylanadigan Qonunchilik palatasining deputatlik o‘rinlari ushbu saylovda ishtirok etgan saylovchilar ovozlarining yetti foizi va undan ko‘proq foizini to‘plagan siyosiy partiyalar o‘rtasida taqsimlanadi.
Ikkinchidan, deputatlik o‘rinlari taqsimlanadigan siyosiy partiyalar uchun yoqlab berilgan umumiy ovozlar soni aniqlanadi.
Uchinchidan, aniqlangan ovozlar soni yetmish beshga bo‘linadi hamda olingan natija saylov koeffitsiyenti hisoblanadi.
To‘rtinchidan, deputatlik o‘rinlari taqsimlanadigan har bir siyosiy partiya uchun yoqlab berilgan ovozlar soni saylov koeffitsiyentiga bo‘linadi va shu orqali aniqlangan sonning butun qismi har bir siyosiy partiyaga taqdim etiladigan deputatlik o‘rniga teng bo‘ladi.
Beshinchidan, mabodo deputatlik o‘rni taqsimlanmay qoladigan bo‘lsa, deputatlik o‘rinlari aniqlangan sonning qoldiq qismi kattaroq bo‘lgan siyosiy partiyalarga bittadan mandat berish orqali taqsimlanadi. Qoldiq qismi teng bo‘lgan taqdirda, ustuvorlik ko‘proq ovoz to‘plagan siyosiy partiyaga beriladi.
Oltinchidan, Markaziy saylov komissiyasi deputatlik mandatlarini siyosiy partiyalar o‘rtasida taqsimlash to‘g‘risida bayonnoma tuzadi.
Yettinchidan, partiya ro‘yxati bo‘yicha saylangan deputatlar o‘rtasida deputatlik mandatlarini taqsimlash Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan partiya ro‘yxatiga kiritilgan deputatlikka nomzodlar ketma-ketligiga muvofiq amalga oshiriladi.
Muxtasar qilib aytganda, proporsional saylov tizimi saylovchilarning ovozlarini samarali ravishda hisobga olishni ta’minlab beradi.
Sherzod Zulfiqorov,
Yuridik fanlari doktori, professor.
O‘zA