Malumki, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 28 avgustdagi farmoniga asosan qurilishga doir texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Mazkur farmon bilan Vazirlik huzurida Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilib, faoliyat yuritayotganiga ko‘p vaqt o‘tmay, bir qator yo‘nalishlarda quyidagi ishlar amalga oshirildi.
Xususan, standartlashtirish sohasini rivojlantirishda Yevropa Ittifoqidagi qurilish inshootlarini konstruktiv loyihalash bo‘yicha Yevropa Kengashining Yevrokodlarini amaliyotga joriy etish ishlari bosqichma bosqich amalga oshirilmoqda.
Yevrokodlar O‘zbekistonda qurilish industriyasi raqobatbardoshligi va eksportbopligini oshirish, mahalliy va xalqaro investorlarni keng jalb qilish hamda ularning faoliyatiga to‘siq bo‘luvchi omillarni bartaraf etish, shuningdek, Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lish bo‘yicha davlat siyosati va mamlakat manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yevrokodlarda keltirilgan standartlar birlamchi talablar hisoblanadi. Shu bois Yevrokodlar sinov laboratoriyalari, standartlashtirish tizimlari va uslublari, qurilish materiallari sanoati, sifat menejmenti, kadrlar salohiyati va boshqa zarur infratuzilma bilan integrallashgan holda rivojlantirib boriladi.
Bunda, Yevrokodlarni hamda unda keltirilgan standartlarni Respublikamizda qabul qilish orqali qurilish materiallari va buyumlari uchun Yevropa sertifikatlarini olish xarajatlari qisqaradi, Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga javob beruvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish va ularning Yevropa bozorlariga erkin kirib borishiga imkon yaratiladi.
Buning uchun qabul qilinishi rejalashtirilayotgan har bir Yevrokod to‘liq amaliyotga joriy etilishini ta’minlovchi standartlardan 30 dan ortiq xalqaro va Yevropa standartlarini qabul qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
So‘nggi yillarda BAZALT mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish va eksport geografiyasini oshirish maqsadida xalqaro talablar joriy qilinmoqda. Natijada AQSH, Angliya, Polsha, Italiya, Chexiya, Gruziya, Rossiya, Xitoy, Turkiya va shu kabi mamlakatlarga yetkazib berish keng ko‘lamda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, boshqa mamlakatlar mahsulotlari bilan sifat va narx jihatidan munosib ravishda raqobatlashmoqda.
Bundan tashqari, yangi turdagi Bazalt mahsulotlarini MDH mamlakatlariga yagona talablar asosida yetkazib berish, ishlab chiqaruvchi mahalliy sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga qaratilgan tarkibiy o‘zgartirishlarni yanada chuqurlashtirish maqsadida Institut tomonidan MDH davlatlari ishtirok etuvchi Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish bo‘yicha Davlatlararo Kengash (MGS da «Bazalt mahsulotlari» nomli davlatlararo texnik qo‘mita tashkil etish yuzasidan Davlatlararo Kengash (MGS) mas’ullari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.
Shu bilan birga bugungi kunda Bazalt mahsulotlari uchun 4 ta Amerika qo‘shma shtatlarining hamda 1 ta Yevropaning standartlari milliy standart sifatida qabul qilinib, mahsulotlarning mazkur standartlar talablariga muvofiqligi Yevropa mamlakatlariga sinovlardan o‘tkazildi.
Xalqaro standartlarning asosiy maqsadi xalqaro miqyosda yangi sifat tizimlarini ishlab chiqish va mavjud sifat tizimlarini takomillashtirish va ularni sertifikatlash uchun yagona uslubiy asosni yaratish hisoblanadi.
Bugungi kunda Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy tadqiqot instituti tomonidan Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO) ning texnik qo‘mitalariga a’zolikni ta’minlash borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Shuningdek, endilikda mazkur mahsulot turlari bo‘yicha ishlab chiqarilayotgan standartlarga milliy ishlab chiqaruvchilarning takliflari kiritilib, ishlab chiqarishni xalqaro standart talabiga emas, xalqaro standartlarning mahalliy shart-sharoitlarga moslashishiga erishiladi.
Bundan tashqari shu yil avgust oyining yakunida O‘zbekiston tarixida ilk bor Xalqaro standartlashtirish tashkilotining Beton konstruksiyalar bo‘yicha texnik qo‘mitasining yig‘ilishi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Mazkur tadbirda ilg‘or xorijiy mamlakatlarning 10 dan ortiq vakillari ishtiroki hamda xalqaro miqyosida Beton konstruksiyalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan istiqbollar to‘g‘risida muhokamalar kun tartibiga kiritilgan.
Texnik reglamentlar ishlab chiqish rejasiga muvofiq 2024-2025 yillarda qabul qilinishi belgilangan eshik va romlar, metallurgiya, bolalar o‘yin maydonlari jihozlari hamda qurilish materiallari va buyumlar uchun majburiy xavfsizlik talablarini belgilovchi texnik reglamentlarni xalqaro talablar asosida ishlab chiqish ishlari manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda olib borilmoqda. Mazkur texnik reglamentlarning amaliyotga joriy etilishi natijasida qurilish materiallari va buyumlarini ishlab chiqarish xalqaro talablar asosida yangi bosqichga o‘tiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA