2024 yil 16 avgust kuni Toshkent shahrida Oliy Majlis Senati majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.

Senatorlar tomonidan dastlab “Xalqaro mehnat tashkilotining To‘liqsiz ish vaqti sharoitlarida ishlash to‘g‘risidagi 175-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1994 yil 24 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Ushbu Konvensiya jahonning 20 ta davlati tomonidan ratifikatsiya qilingan. Konvensiyaning maqsadi to‘liqsiz ish vaqti sharoitida ishlovchi ishchilarning mehnat sharoitlarini, ularni mehnatga haq to‘lash va ijtimoiy ta’minot sohasidagi kamsitishdan himoya qilishni ta’minlashdir.

Konvensiya qoidalari to‘liqsiz ish vaqti sharoitida ishlaydigan barcha shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi.

Muhokama davomida to‘liqsiz ish vaqtida ishlaydiganlar to‘liq ish vaqtida ishlaydiganlar bilan bir xil haq-huquq hamda ijtimoiy himoyaga ega bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.

Senatorlar Konvensiya normalari O‘zbekiston qonunchiligiga, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining maqsad va vazifalariga to‘liq mos kelishini qayd etdi.

Muhokama chog‘ida Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi to‘liqsiz ish vaqti sharoitida ishlovchi mehnatkashlar huquqlarini himoya qilish uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratishga imkon berishi, mehnatni muhofaza qilish milliy tizimini yanada takomillashtirishga salmoqli turtki berishi ta’kidlandi.

Senatorlarning ta’kidlashicha, Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi mehnat sohasidagi milliy qonunchilikni takomillashtirishga va xalqaro standartlarni samarali joriy etishni ta’minlashga xizmat qiladi, shuningdek, O‘zbekistonning xodimlar huquqlari kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy xalqaro prinsiplar va standartlarga sodiqligini ko‘rsatadi.

Muhokama yakunlari bo‘yicha qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra “Madaniy  yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markazi Ustaviga (Rim, 2013 yil 29 noyabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonun muhokama qilindi.

Madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markazi 1956 yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning qarorgohi Rimda joylashgan. Hozirgi vaqtda 140 ga yaqin mamlakat ushbu xalqaro tashkilotga a’zo bo‘lgan.

Ta’kidlanganidek, Xalqaro tadqiqot markazi ta’lim, axborot tarqatish, tadqiqotlar va hamkorlik, jamoatchilik kampaniyalari orqali jahon madaniy merosini asrab-avaylashga ixtisoslashgan xalqaro tashkilotdir.

Xalqaro tadqiqot markazi YUNESKOning maslahat organi bo‘lib, o‘z mandati doirasida jahon madaniy merosi ob’ektlarida amalga oshirishga mo‘ljallangan loyihalarni ko‘rib chiqishda tegishli xulosalar va tavsiyalar tayyorlashga yordam beradi.

Senatorlar qayd etganidek, Madaniy  yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markazi Ustaviga O‘zbekistonning qo‘shilishi xorijiy tajribani o‘rganish va joriy etish orqali tarixiy obidalarni restavratsiya qilish bo‘yicha yangi milliy maktabni shakllantirish, shuningdek, mamlakatimizda tarixiy yodgorliklar va me’moriy inshootlarni restavratsiya hamda konservatsiya qilish imkoniyatlarini kengaytirish imkonini beradi.

Qonun Senat tomonidan ma’qullandi.

Shu bilan birga, navbatdagi yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlari himoyasini yanada mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun barchaning diqqat markazida bo‘ldi.

Muhokama jarayonida ta’kidlanganidek, keyingi yillarda voyaga yetmagan bolalarni qonunga xilof diniy ta’lim olishga aynan ota-onalarning o‘zi olib borishi holatlari ko‘payib bormoqda.

Huquq-tartibot organlari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra 2021-2023 yillar mobaynida noqonuniy diniy ta’limotdan saboq berish bilan bog‘liq 2 457 ta ma’muriy huquqbuzarliklar aniqlangan. Ularning 1 479 tasi  “hujra” sharoitida tashkil etilgan bo‘lib, ularda tahsil olayotganlarning 60 foizini voyaga yetmaganlar tashkil etgan.

Bolaning qonunga xilof diniy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi hech qanday ro‘yxatdan o‘tmagan, norasmiy markazlar va shaxslardan diniy ta’lim olishi natijasida ularning diniy ekstremistik g‘oyalarining qurboniga aylanib qolmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. So‘nggi 3 yilda diniy ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortilgan voyaga yetmagan shaxslar soni 4 baravarga oshgan.

Qolaversa, bunday noqonuniy ta’lim jarayonida bolalarga nisbatan turli og‘ir jinoyatlar sodir etilmoqda. Bolaning erkin harakatlanishini cheklash hamda sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydigan bino va xonalarda saqlash, unga jismoniy azob berish yoki ruhiy bosim o‘tkazish holatlarini, hatto jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘layotganligini bunga yaqqol misollar sifatida keltirib o‘tish mumkin.

Mamlakatimizda diniy ta’lim masalasi amaldagi qonunchilikda aniq belgilab qo‘yilgan. Jumladan, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunda va undan oldingi qonunlarda diniy professional ta’limning huquqiy asoslari qat’iy belgilangan. Xususiy tartibda diniy ta’lim bilan shug‘ullanish qonunga xilof hisoblanadi.

Muhokama etilayotgan qonun yuqorida qayd etilgan salbiy holatlarning oldini olish, ota-onalar hamda ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning bolalarni o‘qitish, ta’lim va tarbiya berishga doir majburiyatlarini bajarish borasidagi mas’uliyatini kuchaytirish, shuningdek, bolalarning bilim olish huquqi kafolatlarini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilganligi alohida ta’kidlandi.

Mazkur qonun bilan “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolani qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olishga jalb qilishga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, ushbu qonunchilik talabiga rioya etmaganligi uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shu bilan birga qonunda ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning o‘z bolalarini shaxsiy e’tiqodlariga muvofiq diniy va axloqiy jihatdan tarbiyalash huquqi aniq bayon qilinmoqda. Mazkur norma Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 18-moddasida belgilangan qoidalar asosida kiritilyapti.

Qonunda mazkur jarayonlarda ota-onaning mas’uliyati va javobgarligi yanada kuchaytirilmoqda. Chunki yosh bola o‘zi noqonuniy hujraga borib qolmaydi va aynan mana shu jihat qonunda tartibga solingan.

Qonunning qabul qilinishi bolalarning ta’lim olish huquqi kafolatlarini ta’minlashga, ularning komil inson bo‘lib yetishishiga, turli og‘ir jinoyatlar va diniy ekstremistik g‘oyalar qurboniga aylanishining oldini olishga xizmat qilishi senatorlar tomonidan ta’kidlandi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatning ellik beshinchi yalpi majlisida O‘zbekiston uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalasi ham muhokama etildi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi 4 yilda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy-huquqiy sohalariga oid xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha Prezidentimizning bir qator farmon va qarorlari qabul qilingan.

Ular orasida 2020 yil 2 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish to‘g‘risida”gi PF-6003-sonli farmoni yurtimizda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘ldi.

O‘tgan davr mobaynida ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalarda olib borilgan islohotlar natijasida bir qator xalqaro reytinglarda ijobiy ko‘rsatkichlarga erishildi.

Xususan, iqtisodiyotning liberallashuvi va qulay investitsiya muhitining yaratilishi natijasida Iqtisodiy erkinlik indeksida mamlakatimiz o‘rni 5 pog‘onaga ko‘tarilib, 178 ta mamlakat orasida 109-o‘rinni egalladi. So‘nggi 7 yilda esa O‘zbekiston o‘z ko‘rsatkichlarini 57 pog‘onaga yaxshiladi.

Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada, shu jumladan, qishloq xo‘jaligi, energetika, qurilish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa ko‘plab sohalarda olib borilgan innovatsion va texnologik rivojlanish O‘zbekistonning Global innovatsiyalar indeksidagi ko‘rsatkichlarining yaxshilanishiga olib keldi. O‘zbekiston mazkur Indeksda 132 ta davlat orasida 93-o‘rindan 82-o‘ringa ko‘tarildi.

Davlat xizmatlarining raqamlashtirilishi, davlat organlari faoliyatiga elektron texnologiyalarning keng joriy qilinishi natijasida Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida respublikamiz o‘z ko‘rsatkichini 18 pog‘onaga yaxshilab, 193 ta davlat orasida 69-o‘rinni egalladi va bu borada “juda yuqori rivojlanayotgan” mamlakatlar qatoriga kirdi.

Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar Korrupsiyani qabul qilish indeksidagi mamlakatimiz ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Jumladan, ushbu Indeksda 180 ta davlat orasida O‘zbekiston ko‘rsatkichlarini 2020 yildagi 146-o‘rindan 2024 yilda 121-o‘ringa olib chiqishga erishildi. Umuman olganda, so‘nggi 7 yilda Indeksdagi mamlakatimiz o‘rni 36 pog‘onaga yaxshilandi.

Mamlakatimizda huquq ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida olib borilgan islohotlar natijasida Huquq ustuvorligi indeksida O‘zbekiston so‘nggi uch yilda o‘z ko‘rsatkichlarini 14 pog‘onaga yaxshilab, 142 ta mamlakat orasida 78-o‘rinni egalladi.

Shu bilan birga, respublikamizning xalqaro maydondagi mavqeini yanada oshirish, xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashda ixcham va natijaga yo‘naltirilgan tizimni joriy qilish hamda parlament vakolatlarini kengaytirish maqsadida 2024 yil 19 iyunda “Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash tizimini takomillashtirish hamda ushbu sohada parlament nazoratini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezidentning PF–91-sonli farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan Oliy Majlis Senati tomonidan ustuvor xalqaro reyting va indekslarning ro‘yxatini hamda samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichlarini tasdiqlash belgilandi.

Majlis davomida mamlakatimiz uchun 15 ta ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslar va ularga mas’ul vazirlik va idoralar ro‘yxati hamda 2030 yilga qadar maqsadli ko‘rsatkichlar ishlab chiqilganligi qayd etilib, O‘zbekiston Respublikasining ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilanishi to‘g‘risidagi milliy ma’ruzani tayyorlash yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.

Senatorlarning fikricha, xalqaro reyting va indekslar muayyan soha, yo‘nalish va tarmoqlarni turli yo‘llar bilan aniqlash vositasi hisoblanib, ular mamlakatlarning jahon hamjamiyatidagi o‘rni va mavqeini belgilashda, olib borilayotgan islohotlarga xolis baho berishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Muhokamadan so‘ng Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shuningdek, Suv xo‘jaligi vazirligining suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, sohaning boshqarish mexanizmlarini hamda qonunchilik bazasini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan axboroti eshitildi.

Ta’kidlanganidek, Senat suv resurslarini muhofaza qilish, ulardan oqilona va samarali foydalanish, suvni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish, sohaning qonunchilik bazasini mustahkamlash vazifalari ijrosiga alohida e’tibor qaratgan.

Xususan, suv resurslaridan samarali foydalanish maqsadida 11 446 ta suv xo‘jaligi ob’ektida “Aqlli suv”, 6 953 tasida “Dayver” hamda 1709 ta nasos stansiyasida “onlayn” nazorat qilish qurilmalari o‘rnatilgan. Shuningdek, 67 ta yirik suv xo‘jaligi ob’ekti to‘liq avtomatlashtirilgan.

Raqamli texnologiyalarni qo‘llash, 400 ming gektardan ortiq maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, zarur irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish natijasida joriy yil birinchi yarim yilligida 2 milliard metr kubdan ziyod suv tejalgan.

Respublika bo‘yicha klaster va fermer xo‘jaliklari hisobidagi 10 540 km ichki sug‘orish tarmoqlari betonlashtirilgan, shuningdek, 34 885 km kanal, ariq va lotoklar tozalangan.

Sohada “suvkredit.uz” platformasi joriy qilinib, jami 134,3 ming gektar maydonda tomchilatib, yomg‘irlatib va diskret usulda sug‘orishni joriy qilish uchun 2 trillion so‘mdan ortiq imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgan.

Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimiga “Chordara” suv omboridan 871 million metr kub hamda boshqa manbalardan 300 million metr kub chuchuk suv tashlanishi natijasida uning ekologik holati barqarorlashmoqda.

“Suvchilar maktabi” tashkil etilib, 70 mingga yaqin tinglovchi o‘qitilishi ta’minlangan hamda “Suv loyihalari markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda sohada kelgusida hal qilinishi lozim bo‘lgan qator masalalar mavjudligi qayd etilib, mas’ullarga tegishli taklif va tavsiyalar berildi.

Jumladan, iqlim o‘zgarishi omillarini inobatga olib, sohani tartibga soluvchi qonun hujjatlarini chuqur xatlovdan o‘tkazish, nisbatan arzon va tez amalga oshiriladigan innovatsion texnologiyalarni qo‘llagan holda kanallarni betonlashtirishni tezlashtirish, qishloq xo‘jaligida suv kam talab qiluvchi, iqtisodiy samarador bioagrotexnologiyalarni, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish zarurligi aytib o‘tildi.

Qishloq xo‘jaligida suv sarfini qisqartirish, irrigatsiya tizimlaridagi nosozliklarni bartaraf etish, umumiy suv yo‘qotishlarini kamaytirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, suvdan foydalanish madaniyatini oshirish, jamoatchilikka “suv tekin emas” g‘oyasini singdirish ishlariga e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi.

Muhokamadan so‘ng ushbu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Senatning 55-yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasi va Oliy Majlis Senatining tegishli qaroriga asosan Oybek A’zamjonovich Barakabayev boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi lavozimidan ozod etildi.

Oliy Majlis Senatining ellik beshinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

Yalpi majlisda jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 13 ta masala, shu jumladan, 11 ta qonun ko‘rib chiqildi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik beshinchi yalpi majlisi yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati

Axborot xizmati