Bugungi kunda shaharu qishloqlarimizda keng ko‘lamli qurilish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Ammo qurilish jarayonlarida shaharsozlikka oid qonunchilik talablariga qay darajada e’tibor qaratilmoqda?

Bunyod etilayotgan ko‘p qavatli turar joylar va ijtimoiy soha ob’ektlarining sifati, seysmik holati talabga javob beradimi?

Qurilayotgan ko‘p qavatli uylarda noqonuniy qo‘shimcha qavatlar qurilishi qanchalik o‘rinli?

Shaharsozlik faoliyati sohasida ko‘payib borayotgan noqonuniy qurilishlarning oldini olish, qurilishlar sifatini oshirish borasida qanday choralar ko‘rilmoqda?

Qurilish sohasida shaffoflikni ta’minlashda raqamlashtirish jarayonidan qay darajada foydalanilmoqda?

Bu kabi savollar kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan navbatdagi “Hukumat soati”da o‘rtaga tashlandi.

Unda “Shaharsozlik bo‘yicha milliy standartlar, zamonaviy qurilish texnologiyalari, raqamlashtirish jarayonlari, shuningdek, sohadagi davlat nazoratini yanada kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi masala yuzasidan deputatlarning savollariga qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri vazifasini bajaruvchi Sherzod Hidoyatov javob berdi.

Majlisda qayd etilganidek, fuqarolarga qurilayotgan ob’ektlar to‘g‘risida mustaqil ravishda axborot olish, noqonuniy qurilishlarni aniqlash, “Ogoh fuqaro” hamda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi elektron platformalari va geoportaldan samarali foydalanish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

“Tender elektron platformasi” qurilish sohasidagi davlat xaridlari o‘tkazilishida muhim o‘rin tutmoqda. Mazkur platformada jami 67 ming 887 ta tender o‘tkazilgan. Ularda jami 13 ming 811 ta tashkilot ishtirok etgan. Ushbu tenderlarning jami qiymati 41,05 trillion so‘m bo‘lib, 39,01 trillion so‘mlik shartnomlar tuzilgan.

Xalq vakillari saylov okruglaridagi uchrashuvlari, aholi bilan muloqotlarda saylovchilar tomonidan ko‘tarilgan dolzarb masalalar yuzasidan savollarni o‘rtaga tashladi. Xususan, deputat Navro‘z Yusupov yangi barpo etilayotgan ko‘p qavatli turar joylarni ichimlik suvi bilan ta’minlash, nogironlar uchun maxsus yo‘laklar, panduslar va liftlar o‘rnatilishi borasida qanday choralar ko‘rilayotgani bilan qiziqdi.

Bunga javoban Sh.Hidoyatov har bir yangi binolar qurilishida, shuningdek, bosh rejalarda aholining o‘sishi, ichimlik suvi, issiqlik ta’minoti, kanalizatsiya tizimlari kabi masalalar hisobga olinishini qayd etdi. Nogironlar uchun panduslar barpo qilinishi, uylarning zinalari pastroq bo‘lishi, keng eshikli liftlar o‘rnatilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, deputatlar yangi barpo etilayotgan ko‘p qavatli turar joylarda avtoturargohlar yetarli emasligiga ham e’tibor qaratdi. Vazir vazifasini bajaruvchi quriladigan ko‘p qavatli turar joylar rejasida har bir xonadon uchun yetarli avtoturargoh bo‘lmasa, ularning qurilishiga ruxsat berilmasligini ta’kidladi.

Shuningdek, “Hukumat soati”da shaharsozlikka oid qonunchilikni takomillashtirish, jumladan Uy-joy kodeksiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha ham takliflar bildirildi.

Savol-javoblarga boy bo‘lgan “Hukumat soati”da deputatlar shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etish, xususan, qurilayotgan ko‘p qavatli uylarda noqonuniy qo‘shimcha qavatlar qurishning oldini olish, boshqaruv sevis kompaniyalari va xususiy uy-joy mulkdorlar shirkatlari mas’uliyati va javobgarligini oshirish, uy-joy massivlarida avtoturargohlar barpo etish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar berdi.

Muhtarama Komilova,

O‘zA