Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Buxoro viloyatiga qilingan tashrif natijadorligini oshirish, muqobil energiya manbalarini joriy etish hamda sanoat korxonalari uchun jozibador sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda tuman tashkilotlarida samarali faoliyat yo‘lga qo‘yilmagani tuman darajasida ishni yaxshi yuritishga eng katta to‘siq bo‘layotgani qayd etildi.

Jumladan KPI belgilanmagan, raqamlashtirish chala, yangiliklarga o‘qitish yo‘q.

Yirik korxonalarni soliqqa tortish Soliq qo‘mitasi tomonidan yuritilgani bilan ularning ayrim to‘lovlari mahalliy byudjetga tushadi. Lekin, yirik korxonalar soliq prognozini bajarmagani uchun mahalliy byudjet qo‘shimcha daromadlarsiz qolib ketayapti. Shu munosabat bilan Soliq qo‘mitasiga yirik korxonalarning mahalliy byudjetga to‘lovlarini hisobga olish tartibini joriy qilish topshirildi.

Barcha vazirlar o‘z tizimida metodologiya, reglament va raqamlashtirishni yil yakunigacha tartibga keltirishi zarurligi to‘g‘risida ogohlantirildi. Vazirlar Mahkamasi 1 oktyabrgacha har bir vazirlikning tumandagi tashkilotlarida metodologiya, reglament va raqamlashtirish bo‘yicha hisobotini qabul qilib olishi belgilandi.

Yig‘ilish yakunida mutasaddilarning axboroti tinglandi.

O‘zA