Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida
Birlashgan Arab Amirliklari “Al-Ittihod” nashri turizm sohasiga ixtisoslashgan yozuvchi Ali Yusuf Al-Saadning “Bu gal Toshkent haqida” maqolasini e’lon qildi.
– Endi men bilan Toshkentga sayohat qiling. Qadimiy Ipak yo‘lida joylashgan O‘zbekiston, xususan Toshkent, Buxoro va Samarqand kabi buyuk tarixiy-madaniy boylik, qudratni ifodalovchi o‘lka haqida so‘zlamoqchiman.
O‘zbekiston poytaxti Toshkent aholi soniga ko‘ra Markaziy Osiyodagi eng yirik, qadimiy shaharlardan biri.
2200 yildan ziyod tarixga ega bu kent o‘tgan davr mobaynida mudofaa devori bilan o‘ralgan mo‘’jaz qal’adan jahondagi yirik poytaxtlardan biriga aylandi. Shahar har xil tarixiy davrlarda turlicha nomlangan. Hoja Ahror Valiy, Shayx Umar Bog‘istoniy, Abu Bakr Shoshiy, Abu Sulaymon Banokatiy, Hofiz Ko‘hakiy kabi buyuk allomalar shu zaminda yashab, ijod etganlar.
Toshkent haqidagi ilk ma’lumotlar eramizdan avvalgi II asrga oid sharqiy manbalarda uchraydi. Xitoylik tarixchilar bu shaharni Yuni deb atagan, Fors shohi Shopur I eramizdan avvalgi 262 yilda bitilgan “Zardusht Ka’basi” qaydnomasida vohani Choch deya nomlagan:
– Choch – oltin eksporti, qimmatbaho toshlar, shirinlik va asil zotli otlar boshqa shahar, mamlakatlarga olib o‘tiladigan yo‘l chorrahasida joylashgan.
Toshkent dengizga tutashmagan hududda joylashgan bo‘lsa-da, men bu yerda tashrif buyurishga arziydigan juda ko‘p ajoyib jihatlarni ko‘rdim.
Masalan, XVI-XX asrlarda bunyod bo‘lgan Hazrati imom tarixiy yodgorligi kishini tamaddunning chuqur ildiziga yetaklaydi. Majmua imom Abu Bakr Muhammad ibn Ali Ismoil Qaffol Ash-Shoshiy qabri atrofida shakllangan. Qabr,yon-atrofida vujudga kelgan qabriston va me’moriy majmua Hazrati imom nomi bilan atalgan. Islom dini peshvosi, voiz, ilohiyot olimi, shayxul-islom Eshon Boboxon ham shu joyda dafn etilgan.
Tarkibida sayrgoh bog‘ barpo etilib, ayvonlar qurilgan, hovuz atrofi ko‘kalamzorlashtirilgan majmuada xalq sayillari uyushtirilgan. XIX asr o‘rtalarida Toshkent namozgohi – Tillashayx masjidi, Mo‘yi Muborak madrasasi qad ko‘targan. Mo‘yi Muborakda Usmon mushafi – Qur’oni karimning bugungi kungacha saqlanib qolgan eng qadimiy qo‘lyozmasi saqlanadi. VII asrda hijoz xati bilan yozilgan qo‘lyozma 1997 yil UNESCO tomonidan “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritilgan.
Ayni payt Hazrati imom majmuasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham joylashgan.
Toshkentdagi yana bir me’moriy yodgorlik XV-XIX asrlarda qad roslagan Shayx Xovandi Tohur maqbarasidir. Ziyoratxonaning ichki devori chuqur ravoqli, darchalariga koshinkori panjara o‘rnatilgan, xonalari gumbaz bilan yopilgan. Go‘rxonaning qo‘sh qavatli gumbazi 12 qirrali asosga o‘rnatilgan.
Agar Toshkentga kelsangiz, Mustaqillik maydoni, Navoiy bog‘i, Amir Temur maydoni va Teleminorani ko‘rmay ketmang.
Shaxsan menda poytaxtning turistik infratuzilmasi, jumladan yo‘llar va juda ko‘p mehmonxonalar iliq taassurot qoldirdi.
O‘zbek xalqi azaldan tabassumli, ochiq chehrali, mehribon va mehmondo‘st. Ko‘p millatli shaharda 15 ta muzey, 3000 kutubxona hamisha gavjumligi bilan kishi e’tiborini tortadi.
O‘zbek taomlari alohida bir mavzu. Buyuk ipak yo‘li tufayli mahalliy oshxonaning Eron, Xitoy va Arabiston taomlariga ta’siri yaqqol seziladi. Asosiy milliy taom – palov. To‘g‘ralgan go‘sht va xamir – norinni tatib ko‘rishni hecham unutmang. Bu zaminda obi non-u patirsiz dasturxonni tasavvur qilolmaysiz. O‘zbek xalqi choyni yaxshi ko‘radi. Har qanday taom bilan yoki shunchaki choy iste’mol qiladi. Bu manzarani tomosha qilish huzur baxsh etadi.
Kelasi safar Buxoro, Samarqand va Xivaga borishni niyat qilib, Toshkentdan olam-olam taassurot bilan qaytdim.
Ali Yusuf Al-Saad,
yozuvchi, BAA