Ma’lumki, hayvonlarning infeksion kasalliklari veterinariya xizmati tomonidan nazorat qilinadi. Ba’zi hayvonlarning kasalliklari har qanday vaziyatda paydo bo‘lishi mumkin. Ayrim hollarda bu katta iqtisodiy yo‘qotishlarga olib keladi, inson salomatligiga, chorva mollari va chorvachilik mahsulotlarining savdosiga salbiy ta’sir qiladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning «Global salomatlik xavfsizligi – O‘zbekistonda hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish, «yagona salomatlik» va antimikrob rezistentlik borasida salohiyatni oshirish va zoonoz tahdidlarni yumshatish» loyihasi doirasida yurtimizda epidemiologik nazorat va hayvonlar salomatligi uchun xavflarni baholash bo‘yicha 5 kunlik o‘quv seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda veterinariya qo‘mitasi vakillari, hududiy boshqarmalar xodimlari, hayvonlarni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassislar, laboratoriya xodimlari va soha olimlari ishtirok etdi.

O‘quv mashg‘uloti hayvonlar sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar muhokamasi, ulardan odamlarga yuqadigan kasalliklarga qarshi kurashish,  muhofaza qilish va xalqaro savdo-sotiqda oziq-ovqat mahsulotlari, ayniqsa chorvachilik mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash kabi dolzarb masalalarga bag‘ishlandi.

Trening dasturida yurtimizning turli viloyatlaridan, shu jumladan, Qoraqalpog‘istondan 30 dan ortiq veterinariya mutaxassislari va olimlar hayvonlar sog‘lig‘i bo‘yicha tahdidlarni aniqlash  bilim va ko‘nikmalarini olishdi. Amaliyot  orqali kasalliklarni nazorat qilish va xavflarni baholashdagi ko‘nikmalarni mustahkamladi.

Yig‘ilish Buyuk Britaniyaning Hayvonlar va o‘simliklar sog‘lig‘i agentligi konsultant epidemiologi  Guitian Xaver tomonidan olib borildi.

FAOning mazkur  loyihasi AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtirildi.

B.Xudoyberdiyev,

O‘zA