Buxoro viloyati hokimligi sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida tibbiy ko‘rik o‘tkazildi.

Xo‘jayli tumanida shifokorlar 4 ta guruhga bo‘linib birlamchi tizimdagi uzoq hududlarda joylashgan oilaviy poliklinikalarda tibbiy ko‘rik tashkil etdi. “Aybek” nomidagi 51-oilaviy poliklinika, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika hamda “Taza baz”, “Xatep” “P.Xalmuratov” oilaviy shifokorlik punktlariga kelgan aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatildi.

Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan uchrashuvlar, sport tadbirlari tashkil etildi. “Sog‘lom ovqatlanish” dasturlari asosida suhbat va ko‘rgazmali muloqotlar o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarga Xo‘jayli tumanida joylashgan “Navro‘z” mahallasi yettiligi ham jalb etildi. Tor mutaxassislar tomonidan tuman markazining ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazildi.

Viloyatning yetakchi jarroh va travmatologlari tomonidan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari amalga oshirildi.

–Xo‘jayli tumanida 126 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi, – deydi Buxoro viloyati hokimligi sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh mutaxassisi, Jamoatchilik bilan ishlash sho‘’basi rahbari Ma’muraxon Safoyeva. –Tumanda 63 ta tibbiy brigada xizmat ko‘rsatadi. Bitta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, uning 3 ta filiali ham mavjud. Shuningdek, birlamchi tizimda oilaviy poliklinikalar soni 3 ta, oilaviy shifokorlik punktlari 5 tani tashkil etadi. Aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ibot qilish, skrining dasturlar asosida ularni tibbiy ko‘riklarga jalb qilish, shuningdek bu borada tibbiyot xodimlarining bilim va amaliy tajribalarini oshirish maqsadida targ‘ibot guruhi tomonidan “Yurak qon tomir tizimi kasalliklari skrining dasturi” hamda “Endokrinologik kasalliklarni oldini olishda tibbiyot xodimlarining o‘rni” mavzusida ilmiy amaliy seminar ham tashkil etildi.

Butun dunyo bo‘ylab jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan 1-7 avgust kunlari ko‘krak suti bilan boqish haftaligi e’lon qilingan. Shu munosabat bilan barcha patronaj doyalar ishtirokida seminar treninglar tashkil etildi. Ko‘rik davomida aniqlangan kasalliklarni davolash bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.