“Tashabbusli byudjet” loyihasi xalqimiz orasida ommalashdi. Fuqarolarning daxldorlik hissini sezilarli darajada oshirdi.

Oliy Majlis Senati kengashining qarori bilan “Tashabbusli byudjet” jarayonlarini o‘tkazish hamda moliyalashtirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xo‘sh, yangilangan nizomda nimalar nazarda tutilgan? Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qobul TURSUNOV bilan shu haqda suhbatlashdik.

– Davlatimiz rahbari taklifiga binoan 2019 yilda joriy etilgan bu loyiha orqali joylarda hayot sifati yaxshilandi. Qolaversa, u Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda samarali vositaga aylandi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Agar raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, joriy yilning birinchi mavsumida aholi tomonidan ilgari surilgan 35 ming 575 loyihadan 29 ming 15 tasi tuman ishchi komissiyalari tomonidan ovoz berish jarayoniga o‘tkazilib, yakunlarga ko‘ra qiymati 3,3 trillion so‘mlik 2 ming 770 ta loyiha g‘olib bo‘ldi.

Natijada hududlarda ko‘plab umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, sog‘liqni saqlash muassasalari ta’mirlandi va jihozlandi, ichki yo‘llar, yoritish, ichimlik suvi va oqova tizimi yaxshilandi. Ushbu maqsadlar uchun tuman (shahar) hokimliklari huzurida tashkil etilgan “Fuqarolar tashabbusi” jamg‘armasiga 3,4 trillion so‘m yo‘naltirilgan.

Albatta, bu raqamlar ortida tashabbuslari bilan o‘z hamjamiyatlaridagi infratuzilmaviy muammolarni hal etishga, hayotini yanada qulay hamda yaxshiroq qilishga erishgan faol fuqarolar turibdi.

– Senat kengashining qarori bilan “Tashabbusli byudjet” jarayonlarini o‘tkazish hamda moliyalashtirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga qanday o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi?

– Nizomda majburiy ovoz to‘plashga jalb qilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha jiddiy choralar ko‘rilishi belgilandi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ovoz berish jarayonlarida byudjet tashkiloti xodimlarini majburiy ovoz berishga jalb etish holatlarini qayd etish uchun “qaynoq liniya” qisqa raqamini ishga tushiradi.

Bundan keyin “Ochiq byudjet” portalida loyihalar ijrosi bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring natijalari e’lon qilib boriladi. Har oy chorak yakuni bo‘yicha tamomlangan va foydalanishga topshirilgan loyihalar bo‘yicha tejalgan mablag‘lar (kafolat summasi bundan mustasno) avtomatik tarzda Davlat moliyasini boshqarish axborot tizimi orqali tegishli tuman yoki shahar jamg‘armasiga yuboriladi.

Nizomga ko‘ra, bosqichlarning davomiyligiga vakolatli organ tomonidan har bir mavsumning o‘ziga xosligi hamda texnologik shartlarni inobatga olgan holda o‘zgartirish kiritilishi mumkin.

– “Tashabbusli byudjet”da ishtirok etish uchun qanday cheklovlar o‘rnatilmoqda?

– Amalda fuqaro bir mavsumda faqat bitta loyihani ilgari surish huquqiga ega. Endilikda esa barcha mahalla uchun g‘olib bo‘lish imkoniyatini yaratish maqsadida tashabbusli byudjet doirasida so‘nggi mavsumlarda ketma-ket ikki marotaba g‘olib deb topilgan mahallalar (tashkilotlar) uchun navbatdagi ikkita mavsum doirasida loyiha kiritish imkoniyati cheklanadi.

Ijtimoiy soha tashkilotlari bino va inshootlarini ta’mirlash yoki jihozlash, bunda “Tashabbusli byudjet” jarayonida ishtirok etishi ruxsat etilgan tashkilotlar ro‘yxati vakolatli organ tomonidan har mavsum boshida “Ochiq byudjet” axborot portalida fuqarolarga e’lon qilinadi.

Jamoaviy muammolarni hal etishga qaratilgan, xususan, yo‘llarni ta’mirlash, xiyobonlar va bolalar maydonchalarini barpo etish, ekologiyani, ichimlik va oqova suv ta’minotini yaxshilash, ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish ro‘yxatiga qo‘shimcha ravishda mahalla hududini obod qilish bilan bog‘liq tadbirlar ham kiritildi.

Shu bilan bir qatorda, ovoz berish jarayoni davomida fuqarolar tomonidan loyihalarga majburiy ovoz to‘plashga jalb etilishi yuzasidan shikoyatlar kelib tushsa, vakolatli organ tomonidan mazkur holatga aniqlik kiritish yuzasidan tegishli tuman yoki shahar Xalq deputatlari kengashiga taqdimnoma yuborilishi, agar holat o‘z tasdig‘ini topsa, majburiy ovoz to‘plangan loyihalarni ovoz berish bosqichidan chetlatish yoki g‘oliblar ro‘yxatidan chiqarish vakolatini beruvchi qo‘shimcha norma kiritildi.

Loyiha g‘olib deb topilganidan so‘ng kengash tomonidan majburiy ravishda ovoz to‘plagan deb hisoblanib rad etilsa, unga ajratilishi lozim bo‘lgan mablag‘lar doirasida keyingi o‘rindagi loyiha g‘olib deb e’lon qilinadi.

Shuningdek, g‘olib loyihalar aniqlangandan so‘ng Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga mahalliy byudjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan keyingi o‘rinlardagi loyihalarni qo‘shimcha tarzda g‘olib deb e’lon qilish vakolati beriladi. Bunda, tegishli Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari jamg‘armaga mablag‘lar o‘tkazilgani hamda qo‘shimcha g‘oliblarni aniqlash yuzasidan vakolatli organga ovoz berish jarayoni yakunlangan kundan boshlab 10 kun ichida murojaat yuborishi lozim.

Jamg‘arma hisobidan loyihaga ajratiladigan mablag‘ tegishli mavsum o‘tkazilgan holatga amalda bo‘lgan bazaviy hisoblash miqdorining 4 ming barobari (1 milliard 360 million so‘m)dan oshib ketmasligi lozim. Loyiha qiymati ushbu miqdordan oshgan hollarda qo‘shimcha talab etiladigan mablag‘ tuman (shahar) mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan tegishli Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashining qaroriga asosan qoplab berilishi mumkin.

– Bu jarayonda kamchiliklar kuzatilganda qayerga murojaat qilish kerak?

– Nizom bilan jamoatchilik nazorati doirasida fuqarolar loyihalar ijrosini kuzatib borish orqali qonunbuzilishi holatlari yoki kamchiliklar kuzatilganida shikoyat tarzida portal orqali “Favqulodda xabar” qoldirishi mumkin.

Ushbu xabar portalda tegishli hudud sahifasida muammoli holat sifatida aks ettiriladi va tashabbuskor tomonidan ko‘rsatib o‘tilgan vajlarga aniqlik kiritilib, xabarda ko‘rsatilgan holat bartaraf etilmagunga qadar portalda nazoratdan olinmasligi belgilandi.

To‘liq yakunlangan loyihalar tashabbuskorlar, mahalla raisi va faollarining ish sifati yuzasidan roziligi olinganidan keyingina foydalanishga topshiriladi.

Ushbu o‘zgartirish va qo‘shimchalar, avvalo, aholi farovonligini ta’minlash va hududlardagi masalalarni hal etishda ularning rolini yanada oshirishga yo‘l ochadi. Byudjet mablag‘larini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirishni ta’minlash hamda tashabbusli byudjet jarayonlarini yanada takomillashtirish maqsadlariga xizmat qiladi.

Norgul Abduraimova, O‘zA