Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik

“Taxiatosh IES” aksiyadorlik jamiyatida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2024-2025 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish ishlari doirasida rejaga asosan elektr stansiyasining 7-sonli energoblokda iste’molchilarga sifatli hamda barqaror elektr energiyasi yetkazib berish maqsadida mukammal ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Energoblokning yuqori, o‘rta va past bosim silindrlari, generator rotorlar va  podshipniklarda reviziya ishlari, energo va issiqlik mexanizm uskunalar ko‘zdan kechirilib, aniqlangan nuqsonlar bartaraf etilmoqda. Mazkur jarayonga jami 200 nafardan ziyod malakali va tajribali mutaxassisi jalb qilingan.

Pillakorlar malaka oshirdi  

To‘rtko‘l  tumani “Tozabog‘yop” ovul fuqarolar yig‘inida lider agronom ayollar, pillakorlar va ipak qurti boqish istagida bo‘lgan xotin-qizlarning malakasini oshirish, ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.

Seminarda so‘zga chiqqan mas’ullar ishtirokchilarga sohadagi yangiliklar va pillachilik natijasidagi daromad borasida so‘z yuritdi. Tadbir davomida pilla xomashyosidan ishlab chiqarilgan xon atlas va adras matolari, tayyor kiyimlar ko‘rgazmasi tashkil qilindi.

Tadbirlar davom etmoqda  

Yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash, ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan muntazam ravishda reyd tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Shunday tadbirlardan biri Amudaryo tumani hududidan o‘tuvchi asosiy yo‘llarda ham tashkil etildi.

Tadbir davomida huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan tegishli tartibda choralar ko‘rildi. Jumladan, avtotransport vositasini mast holatda boshqarganlikda gumon qilingan fuqarolar belgilangan tartibda tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi va ularga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri