Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning mamlakatimizdagi vakolatxonasi O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi hamda boshqa manfaatdor tashkilot, ilmiy muassasalar bilan hamkorlikda tabiiy resurslarni boshqarishni takomillashtirish, bioxilma-xillikni saqlash, suv resurslarini kompleks boshqarish borasida yangi loyihalar ustida ish olib bormoqda.

Ma’lumki, 2024 yil 4-5 mart kunlari Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan seminarda “Ekotizimni tiklash, tabiiy resurslarni boshqarishni yaxshilash va mustahkamlikni oshirish uchun Markaziy Osiyo suv va yer munosabatlari” (CAWLN) mintaqaviy dasturi doirasida bir qancha loyihalar dasturlarini ishlab chiqish rasman boshlangan edi.

Birgalikdagi sa’y-harakatlar Markaziy Osiyoning zaif ekotizimlarida yerlarni tiklash, jumladan, Amudaryo, Zarafshon, Panj, Sirdaryo va Norin daryolari havzalarida suv resurslarini kompleks boshqarishni kuchaytirish, ekotizim va bioxilma-xillikni yaxshilashga qaratilgan.

O‘zbekiston mevali daraxtlar, sabzavot va poliz ekinlarining noyob xilma-xilligiga ega. Ushbu bioxilma-xillikni saqlab qolish, kelajak avlodga yetkazish bugungi kunda dolzarb ahamiyatga ega. Kuni kecha Toshkent shahrida FAO ekspertlari, tegishli vazirlik va idoralar, nodavlat-notijorat tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari ishtirokida ayni mavzuda yig‘ilish ham o‘tkazildi.

Tadbirda yurtimizga tashrif buyurgan FAOning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha mutaxassisi Karolina Star ishtirokchilar bilan ushbu loyihalarni amalga oshirish, ularning maqsad va vazifalari hamda hamkor tashkilotlarni aniqlash bo‘yicha muhokamalar o‘tkazdi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil fevral oyining boshida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan Global ekologik jamg‘arma (GEF) kengashining 66-yig‘ilishi doirasida CAWLN Mintaqaviy dasturining 5 ta loyihasiga 26 million dollar ajratilgan edi. Besh loyihadan umumiy qiymati 18,6 million dollar bo‘lgan to‘rtta loyiha O‘zbekiston ishtirokida FAO ko‘magi bilan amalga oshiriladi.

Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi iqlim o‘zgarishi va bioxilma-xillikni muhofaza qilish orqali O‘zbekistonning rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi va kelgusida bu borada o‘zaro hamkorlikda katta muvaffaqiyatlarga erishiladi.

B.XUDOYBERDIEV,

O‘zA