10 iyul kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik to‘rtinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Senatorlar o‘z ishini yangi tahrirdagi “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonunning muhokamasidan boshladilar.
Ta’kidlanganidek, amaldagi qonun 2009 yilda qabul qilingan bo‘lib, unda elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori, jumladan, sohada raqobatni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari nazarda tutilmagan, elektr ta’minotining ishonchli, xavfsiz, barqaror hamda kam harajatli ishlashini ta’minlaydigan normalar aks ettirilmagan, iste’molchilarning narxlar va xizmatlar ko‘rsatish sifati bo‘yicha manfaatlarini himoya qilish kafolatlari belgilanmagan. Shu boisdan bugungi kun talablariga to‘liq javob bermadi.
Yangi tahrirdagi “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonun bilan iste’molchilarning narxlar, ishonchli elektr ta’minoti va xizmatlar ko‘rsatish sifati bo‘yicha manfaatlarini himoya qilish, elektr energiyasi jiddiy to‘siqlarsiz sotiladigan likvidli bozorni shakllantirish maqsadida samarali, shaffof, tabaqalashmagan va raqobatdosh elektr energiya bozorining yuzaga kelishi va rivojlanishiga ko‘maklashish nazarda tutilmoqda.
Qonunda raqobat muhitini rivojlantirish, xususiy sarmoyalarni jalb qilish va joriy etishni rag‘batlantiruvchi elektr energetika tarmog‘ining samarali faoliyat yuritishi uchun tuzilma va umumiy qoidalar belgilanmoqda.
Xususan, qonunda insofli raqobat, tenglik va hisobdorlik, ochiqlik va shaffoflik, elektr energetikasi xavfsizligining ustuvorligi kabilar sohaning asosiy prinsiplari etib belgilanib, elektr energetikasi sohasining maqsadlariga oid yangi modda kiritilmoqda.
Qonunda elektr energiyasining raqobatga asoslangan ulgurji va chakana bozor qoidalari ham aks ettirilmoqda.
Bundan tashqari, qonunda elektr energiyasi bozorida treyderlar (jismoniy yoki yuridik shaxslar) faoliyatini tartibga solishga qaratilgan umumiy qoidalar, ularning huquqlari va majburiyatlariga oid norma kiritilmoqda.
Senatorlar ta’kidlashicha, qonunning qabul qilinishi sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilishga va bu orqali elektr energetikasi sohasining samarali faoliyat yuritishiga, elektr energetikasi korxonalarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarliklarini belgilanishiga hamda elektr energiyasini qayta tiklanadigan energiya manbalaridan ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda energiya barqarorligini ta’minlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Hozirda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmidagi ulushi qariyb 10 foizni tashkil etmoqda. Bu borada O‘zbekiston 2030 yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 27 gigavattga yetkazib, elektr energiyasi ishlab chiqarish umumiy hajmini kamida 40 foizga olib chiqishni maqsad qilgan.
Bu har yili 25 milliard kub metr tabiiy gazni tejash, atmosferaga zararli tashlanmalarni 34 million tonnaga qisqartirish imkonini beradi.
Albatta, belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish, energetik barqarorlikni ta’minlash uchun sohaning huquqiy bazasini mustahkamlash talab etiladi.
Boz ustiga uglevodorod resurslarining chegaralanganligi, ularning kamayishi energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish choralarini ko‘rish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Shu bilan birga, amalda mamlakatimizda energiya resurslari iste’moli samaradorligini, energiya sarfi me’yorlari hamda energiya audit o‘tkazishni monitoring qilishning ta’sirchan tizimi mavjud emas.
Davlat muassasalari va tashkilotlarida zamonaviy energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha energiya servis xizmatlari yo‘qligi, shuningdek, tejash va samaradorlikni oshirish yo‘nalishida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish ishlari sust borayotgani ham bir qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Qonun energetika sohasida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, sohaga xorijiy va xususiy investitsiyalar jalb etishni ko‘paytirish, narx shakllanishining erkin va shaffof mexanizmlarini joriy qilishga asoslangan elektr energiyasining ulgurji va chakana bozorlarini tashkil qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Qonunda energetika xavfsizligini ta’minlash, energiyani tejash hamda samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish tartib-tamoyillari, elektr va issiqlik energiyasi, yoqilg‘i va noan’anaviy energiya resurslaridan iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy sohada tejamli, samarali foydalanish vazifalari va qoidalari belgilab berilmoqda.
Shuningdek, energiyani tejash va energiya samaradorlik talablarini buzganlik hamda resurslarni me’yoridan ortiqcha sarflagani uchun javobgarlikni belgilash ham nazarda tutilgan.
Qurilish va transport sohasida, bino hamda inshootlarda, issiqlik ta’minoti va kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalarida, qishloq va suv xo‘jaligida energiyani tejash hamda energiya samaradorligini oshirish yo‘nalishlari ko‘zda tutilmoqda.
Senatorlarning fikricha, mazkur qonun qabul qilinishi energiya resurslari xarajatlarini yanada optimallashtirishga xizmat qilib, energiya iste’moli samaradorligi tizimli monitoringini amalga oshirish uchun huquqiy poydevor yaratadi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, qonunning asosiy maqsadi ma’muriy aktlarni qabul qilish, o‘zgartirish, ijro etish va bekor qilishga qaratilgan ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratligi aniq qilib belgilanib, vazifalari tushunarli tarzda bayon etilmoqda.
Shuningdek, ushbu qonunning qo‘llaniladigan sohasi kengaytirilib, Qonun soliq, bojxona, davlat nazorati va tekshiruvi, fuqarolarning pensiya ta’minoti, harbiy ro‘yxatga olish va harbiy xizmatga chaqirish, shaharsozlik jihatidan rejalashtirish, yer uchastkalarini ajratish va olib qo‘yish kabi tartib-taomillarga nisbatan tatbiq etilishi belgilanmoqda.
Qonun o‘zboshimchalikni va vakolatning suiiste’mol qilinishini taqiqlash, huquqni qo‘llashni rad etishga yo‘l qo‘ymasligi kabi yangi prinsiplar bilan boyitilib, amaldagi prinsiplarga aniq va to‘liq ta’riflar berilmoqda.
Mazkur qonunning qabul qilinishi jismoniy va yuridik shaxslar bilan davlat organlari o‘rtasidagi munosabatlarni aniq belgilashga, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlariga davlat organlari xodimlari tomonidan yetkazilishi mumkin bo‘lgan noqonuniy xatti-harakatlardan himoya qilishga, ma’muriy tartib-taomillarning yagona mexanizmi yaratilishiga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan va suv resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hajmlarini oshirish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ikkilamchi ijaraga berish imkoniyatlarini kengaytirish, pillachilik va tutchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga, agrosanoat klasterlariga va boshqa yuridik shaxslarga yer uchastkalari ajratilishining huquqiy asoslarini belgilash, shuningdek, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar tomonidan yerlardan foydalanish shartlarini qayta ko‘rib chiqish zaruriyati mavjuddir.
Ushbu hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga hamda «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridagi kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlari o‘n yilgacha bo‘lgan muddatga ikkilamchi ijaraga berilishi mumkinligini, shuningdek, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar tomonidan mazkur yer uchastkalarida hamda bog‘lar va tokzorlarning qator oralariga maqbul ekinlar ekilishini yoki tut ko‘chatlari o‘tqazilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga pillachilik va tutchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga, agrosanoat klasterlariga va boshqa yuridik shaxslarga maydoni o‘n gektargacha bo‘lgan yer uchastkalari ajratilishi mumkinligi to‘g‘risidagi qo‘shimcha kiritilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi organlarining ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga doir vakolatlari belgilanmoqda.
Senatorlar fikricha, ushbu qonun yer uchastkalaridan samarali foydalanish hamda pillachilik va tutchilikni yanada rivojlantirish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish imkoniyatlarini kengaytirishga, shuningdek, yer uchastkalaridan va suv resurslaridan foydalanishda qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Senatorlar tomonidan “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.
Ushbu hujjat bilan sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida ish beruvchining bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning elektron shaklda yuborish shartlari belgilanmoqda.
Shuningdek, qonunda xodimlarni ommaviy ravishda ishdan bo‘shatish mezonlari aniq belgilab berilayotganligi hamda O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi bilan o‘zaro muvofiqlashtirilayotganligi kelgusida ishchilarni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Qonunda bandlikni rag‘batlantirish va aholini tadbirkorlikka jalb etish uchun subsidiyalar vazirlik va idoralarning mablag‘lari hisobidan ko‘rsatilayotgan moliyaviy yordamlar, ya’ni subsidiyalar ularning maqsadli jamg‘armalari hisobidan amalga oshirilishi nazarda tutilib, ssuda ajratish yoki rad etishning asoslari belgilab qo‘yilmoqda.
Ish qidirayotgan shaxslarni ro‘yxatga olish tartibi soddalashtirilmoqda. Unga ko‘ra ish qidirayotgan shaxslarning ish staji, ma’lumoti (mavjud bo‘lgan taqdirda), ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlar va boshqa ma’lumotlar mahalliy mehnat organi tomonidan mas’ul davlat organlari va tashkilotlardan mustaqil ravishda, shu jumladan, “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab olinishi belgilanmoqda.
Qonunda ishga joylashtirishga doir yo‘llanmalar va ishga joylashishga ko‘maklashish yuzasidan murojaatnomalar asosida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish tartibi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun talablariga muvofiqlashtirilmoqda.
Bundan tashqari, qonun asosida mehnat shartnomasi alohida asoslarga ko‘ra bekor qilinganda moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar belgilanib, agar mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda, ish qidirish davrida o‘rtacha oylik ish haqining ishdan bo‘shatish nafaqasi hisobga olingan holda, biroq ko‘pi bilan ikki oyga saqlanib qolishi xodimlar uchun kafolatlanishi nazarda tutilmoqda.
Qonunda ishdan va ish haqi (mehnat daromadi)dan mahrum bo‘lgan shaxslarga ishsizlik nafaqasi miqdorini belgilash shartlariga aniqlik kiritilib, ishsizlik nafaqasini to‘lashni tugatish va to‘xtatib turish tartiblari takomillashtirilmoqda.
Bundan tashqari, haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etiladigan shaxslar bilan bunday ishlarda ishtirok etish uchun mehnat shartnomasi muddatini o‘n bir oygacha bo‘lgan muddatga tuzish asoslari, ishsiz shaxslarga stipendiya to‘lash shartlari belgilanmoqda hamda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish yo‘nalishlari takomillashtirilmoqda.
Hujjatda ishsiz shaxslarga kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirish davrida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan stipendiyalarni to‘lash mezonlari aniq belgilanmoqda.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonunning qabul qilinishi ishga joylashtirish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar samaradorligini oshirishga, ishga joylashtirish bo‘yicha murojaat qilayotgan fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligiga chek qo‘yish hamda aholining davlat organlariga nisbatan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi, shu jumladan, pirotexnika buyumlari qonunga xilof muomalasining oldini olish bo‘yicha tadbirlar samaradorligini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2021-2023 yillarda 239 ta holatda mamlakatimiz hududiga qiymati qariyb 2 milliard so‘mlik 300 mingdan ortiq pirotexnika buyumlarini noqonuniy olib kirish holatlarining oldi olingan.
Shu bilan birga, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish maqsadida pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi bilan bog‘liq ma’muriy javobgarlik choralarini kuchaytirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Ushbu qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarganlik, tayyorlaganlik, saqlaganlik, tashiganlik, jo‘natganlik va O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqqanlik, shuningdek, pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda o‘tkazganlik yoki O‘zbekiston Respublikasiga olib kirganlik uchun mazkur huquqbuzarliklarning ijtimoiy xavflilik xususiyati va darajasidan kelib chiqqan holda javobgarlik choralari kuchaytirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Qayd etilganidek, Oliy Majlis Senati ham pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, saqlash, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda mamlakatimizga olib kirish yoki o‘tkazish bilan bog‘liq salbiy holatlarni oldini olish yuzasidan doimiy shug‘ullanib kelmoqda.
Jumladan, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan ushbu salbiy holatlarni oldini olish bo‘yicha mas’ul tuzilmalarga senator so‘rovi ham yuborilib, tegishli javoblar olingan. Qo‘mita tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga mamlakatimiz hududlariga qo‘shni davlatlardan chegarani buzgan holda pirotexnika vositalarini olib o‘tish holatlarini oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirish lozimligi yuzasidan tavsiyalar yuborilgan.
Senat yalpi majlisida muhokama qilingan qonunga kiritilayotgan yangi normalar bugungi kunda olib borilgan hamkorlikdagi umumiy sa’y-harakatlarning amaliy natijasidir.
Qonunning ma’qullanishi jamoat xavfsizligini ta’minlash va pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi hollarining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Senatning ellik to‘rtinchi yalpi majlisida “Shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi va aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Faol fikr va takliflar almashinuvi tarzida o‘tgan qonun muhokamasida tez o‘zgaruvchan voqelikka moslasha oladigan, shaharlar va aholi punktlari rivojlanishini samarali boshqarishni ta’minlaydigan moslashuvchan va dinamik shaharsozlik tizimini yaratish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
Qayd etilganidek, qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining nomini va vakolatlarini aniqlashtirishni, shuningdek, respublika hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhini hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlarini ishlab chiqish yo‘li bilan aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini tayyorlash tizimini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shaharlarning bosh rejalarini soddalashtirilgan shaklda ishlab chiqishda buyurtmachiga va loyiha tashkilotlariga loyihalashtirish uchun topshiriqlar berish me’yori belgilanmoqda.
Ta’kidlanganidek, qonunda ko‘zda tutilgan o‘zgartirishlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishning rejalashtirish sxemalarini yaratish orqali alohida hududlarni, ularning o‘ziga xosligi va salohiyatini hisobga olgan holda rivojlantirishning yanada aniq rejalarini ishlab chiqish imkonini beradi.
Eng muhimi, taklif etilayotgan o‘zgartirishlar fuqarolar uchun iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik sharoitni saqlagan holda shaharlar va aholi punktlarining barqaror va mutanosib rivojlanishini ta’minlaydi.
Senatorlarning fikricha, mazkur qonun O‘zbekistonda yanada samarali va shaffof shaharsozlik tizimini yaratish hamda har bir fuqaro munosib hayot kechirishi va xavfsiz kelajakka ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan zamonaviy hududlarni barpo etishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra yalpi majlisda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga bojxona brokeri faoliyatini hamda xalqaro kurerlik jo‘natmalarini yetkazib berish bo‘yicha faoliyatni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun bilan bojxona brokeri faoliyati hamda xalqaro kurerlik jo‘natmalari sohasi tartibga solinmoqda.
Xususan, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga vakolatli davlat organini bojxona brokeri faoliyatini hamda xalqaro kurerlik jo‘natmalarini yetkazib berish bo‘yicha faoliyatini amalga oshirishlari to‘g‘risida xabardor qilish tartibi belgilanmoqda.
Shuningdek, vakolatli davlat organini xabardor etmasdan faoliyatni amalga oshirganlik hamda xabardor qilish tartibida faoliyat yuritish uchun belgilangan talablar va shartlarning bajarilganligi yuzasidan vakolatli organga yolg‘on yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar berganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmoqda.
Jumladan, bojxona brokeri sifatida hamda xalqaro kurerlik jo‘natmalarini yetkazib berish bo‘yicha faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik haqida xabardor qilmaslik uchun BHMning 20 baravari miqdorida jarima qo‘llash belgilanmoqda.
Qonunning qabul qilinishi xalqaro kurerlik jo‘natmalarini yetkazib berish va bojxona brokeri sifatida faoliyatni amalga oshirishda mavjud qoidabuzarliklarning oldi olishga xizmat qilishi senatorlar tomonidan alohida qayd etildi.
Muzokaralardan so‘ng qonun seatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan keyin “Fitosanitariya talablari yengillashtirilishi munosabati bilan “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.
Qonun bilan fitosanitariya sertifikatini yoki guvohnomasini olish talab etilmaydigan karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirishda eksport qiluvchi xorijiy mamlakatlarning fitosanitariya sertifikatini yoki guvohnomasini talab etish bekor qilinmoqda.
Shu bilan birga qonunda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan karantin ostidagi mahsulotning har bir turkumiga alohida-alohida beriladigan karantin ruxsatnomasi mavjud bo‘lgan taqdirda, xorijiy mamlakatlardan karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirishga yo‘l qo‘yilishi mustahkamlanmoqda.
Qonunga kiritilayotgan ushbu qo‘shimcha va o‘zgartirish o‘simliklar karantini qoidalari hamda fitosanitariya talablarini yengillashtiradi.
Senatorlarning ta’kidlashicha, ushbu yangiliklar ichki bozorlarda asosiy turdagi mahsulotlar narxining barqarorligini ta’minlashga, import hisobidan qoplanadigan aholining iste’mol talabi yuqori bo‘lgan mahsulotlarni olib kirishda tadbirkorlik sub’ektlariga imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Senatning ellik to‘rtinchi yalpi majlisida “Ma’muriy islohotlar doirasida ta’lim sohasida davlat boshqaruvi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.
Ma’lumki, keyingi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan ma’muriy islohotlar doirasida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, maktabgacha va maktab ta’limi sohasida davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirildi, ushbu sohadagi bir qator respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi.
Ayni vaqtda bir qator respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining ma’muriy islohotlar doirasida transformatsiya qilinishi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi funksiyalari va vazifalarining alohida vazirliklarga o‘tkazilishi, shuningdek, Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining qayta tashkil etilishi ularning rasmiy nomlanishini va vakolatlarini aniqlashtirish uchun qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritilishini talab etmoqda.
Mazkur qonun bilan bir qator qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Maktabgacha ta’lim agentligining nomlanishi va vakolatlari, shuningdek, Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining nomlanishi aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘rta maxsus, professional, oliy ta’limni hamda oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarini tashqi baholashning yangi tizimi joriy etilishini, kadrlarning malakasini oshirish hamda ularni qayta tayyorlashni, shuningdek, nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash bo‘yicha vakolatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘rtasida taqsimlanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Senatorlar ta’kidlaganidek, ushbu qonun oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, maktabgacha va maktab ta’limi sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimini shakllantirishga, shuningdek, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilayotgan ta’lim xizmatlarining sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama markazida bo‘ldi.
Ta’kidlanganidek, hozirda kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi hayvonlar va o‘simliklar turlari soni ortib bormoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga 2009 yilda 184 ta hayvon va 304 ta o‘simlik turlari kiritilgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib ushbu ko‘rsatkich mos ravishda 206 (+22) hamda 314 (+10) tani tashkil etgan.
Mazkur qonun bilan qator qonunlarga mamlakatimizning Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklar hamda yovvoyi hayvonlar turlarini muhofaza qilishni yanada kuchaytirish hamda ularni tabiiy muhitdan ajratib olishni cheklashga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, Qizil kitobga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda o‘suvchi o‘simlik turlarini saqlab qolish va muhofaza qilish uchun ularning o‘sish muhiti bo‘lgan joylarda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etilishi hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish maqsadida ularni tabiiy muhitdan ajratib olgan holda foydalanilishi mumkinligi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosasi inobatga olingan holda, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan kiritiladigan takliflar asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan Qizil kitobga kiritilgan, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarning hamda yovvoyi hayvonlarning ayrim turlarini va ularning qismlarini tabiiy muhitdan ajratib olishga doir ruxsatnomalarni berish cheklanishi, cheklovlarning asoslari, ularning amal qilish muddati belgilanishi ko‘rsatib o‘tilmoqda.
Bundan tashqari, ekologiya va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi davlat organlarining vakolatlari aniqlashtirilmoqda. Qonun va kodekslardagi oqova suvlarni chiqarib yuborish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq tushunchalar “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni normalariga muvofiqlashtirilmoqda.
Qayd etilganidek, mazkur qonunning qabul qilinishi ekologiya sohasidagi davlat boshqaruvining samarali tashkil etilishini ta’minlashga, Qizil kitobga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklar hamda yovvoyi hayvonlar turlarining o‘sish va yashash muhiti sharoitlari yaxshilanishiga hamda kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida huquqni qo‘llash amaliyotining bir xilligi ta’minlanishiga, mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Yalpi majlisda “Huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib, huquq-tartibotni ta’minlashda ijobiy natijalarga hamda kriminogen vaziyatni sezilarli darajada yaxshilashga erishilmoqda.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida aniq manzilga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar belgilanishi, ushbu masalaga kompleks yondashgan holda huquqbuzarliklarning tizimli ravishda sodir etilishiga doir sabab va shart-sharoitlarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy ishlarning yo‘lga qo‘yilishi muhim hisoblanadi.
Ta’kidlanganidek, qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoiy qilmishni jinoiy jazo tarkibidan chiqarib, uni ma’muriy huquqbuzarlik toifasiga o‘tkazishni, yarashuv institutiga kiruvchi ma’muriy huquqbuzarliklar doirasini kengaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Senatorlar mazkur qonun aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlashga, mamlakatimizda kriminogen vaziyatning yaxshilanishiga hamda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha yarashuv institutining ta’sir etish doirasini kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Senatning yalpi majlisi kun tartibiga muvofiq parlament nazorati doirasida Toshkent shahrida tadbirkorlikni rivojlantirish va ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Poytaxtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish va ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha qator ijobiy natijalarga erishilgani qayd etildi.
Xususan, Toshkent shahrida 2024 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’ektlari soni 135,1 mingtani tashkil etib, mazkur tadbirkorlik sub’ektlarning asosiy qismi, ya’ni 33 foizi savdo, 13 foizi sanoat, 9 foizi qurilish sohasiga to‘g‘ri kelgan.
Kichik tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan joriy yilning o‘tgan choragida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 9,5 trillion so‘mni, qurilish ishlari 5,9 trillion so‘mni, chakana savdoning tovar aylanmasidagi hajmi 11,3 trillion so‘mni va xizmatlar hajmi 20 trillion so‘mni tashkil etgan.
Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 2024 yilning o‘tgan 6 oyida shahar bo‘yicha mingdan ortiq jismoniy va yuridik shaxsga 17,4 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratilgan.
Ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan “Yashil makon” umummilliy loyihasining bahorgi ko‘chat ekish mavsumi doirasida Toshkent shahrida 700 ming donaga yaqin manzarali, mevali daraxt, buta ko‘chatlari va qalamchalari ekilgan. Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 12 ta tuman hokimliklari tomonidan 20,47 gektar maydonda 26 ta hokimlik yashil bog‘lari, har bir tumanda “Kashtan ko‘chasi”, “Chinor ko‘chasi”, “Eman ko‘chasi”, “Lola daraxti ko‘chasi” kabi namunaviy ko‘chalar tashkil etilgan.
Chiqindilarni boshqarish bo‘yicha Toshkent shahrida mavjud 585 ta MFY to‘liq sanitar xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qamrab olingan. Shaharda umumiy hisobda mart oyigacha 363,2 ming kub metr aholidan qattiq maishiy chiqindilar olib chiqib ketilgan.
Joriy yilning o‘tgan davrida shaharda yangi qurilayotgan hamda faoliyat olib borayotgan sanoat va boshqa ishlab chiqarish korxonalariga jami 1 057 ta davlat ekologik ekspertizasining xulosalari taqdim qilingan.
Shuningdek, o‘rganish jarayonida amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda ayrim kamchilik va muammolar ham mavjudligi aniqlandi.
Xususan, majlisda ta’kidlanganidek, shaharda 2023 yil yakuni bilan 327 ta hududiy korxonalar 10,2 trillion so‘mlik zarar bilan yakunlagan.
Shu bilan birga, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ishlab chiqarish korxonalaridan iborat kichik sanoat zonasida muntazam ravishda elektr va gaz ta’minotida muammolar mavjudligi, Yakkasaroy tumanida esa Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil qilish bo‘yicha ishlar to‘liq amalga oshirilmaganligi, Yashnobod tumanida 28 ta lotdan iborat Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil qilingan bo‘lsa-da, biroq bugungi kunda 28 ta lotdan faqat 12 tasi auksion orqali sotilganligi ko‘rsatib o‘tildi.
“Tadbirkor virtual ofisi” axborot portali orqali kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddati ustidan nazorat o‘rnatilgan bo‘lishiga qaramasdan, murojaatlarning 29 foizini (106 ta) ko‘rib chiqish muddatlari buzilgan.
Bundan tashqari, respublika miqyosida atmosferaga yiliga 2 million 200 ming tonnadan ziyod ifloslantiruvchi moddalar chiqarilayotgan bo‘lib, Toshkent shahrida havodagi ifloslantiruvchi moddalar miqdori qariyb 420 ming tonnani tashkil etgan.
Hududlardagi ayrim korxonalarda haligacha 10 yildan ortiq ishlatilayotgan chang-gaz tozalash uskunalari modernizatsiya qilinmagan.
Joriy yilning o‘tgan davri davomida daraxtlarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 87 ta holat aniqlanib, tabiatga jami 817,3 million so‘m zarar yetkazilgan. Shahardagi oqova suv tozalash inshootlari samaradorligi past bo‘lib, Salar va Bo‘zsuv inshootlarida 72 foizni, Bektemir inshootida 53 foizni tashkil qiladi, xolos.
Senatorlar tomonidan shaharda tadbirkorlikni rivojlantirish va ekologik vaziyatni yaxshilashda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar mas’ul vazirlik va idoralarga ko‘rsatib o‘tildi hamda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga, ekologiya sohasida mavjud talablar bajarilishini ta’minlashga qaratilgan zarur choralar ko‘rish yuzasidan takliflar bildirildi.
Xususan, korxonalarni sog‘lomlashtirishga qaratilgan choralarni belgilash, kichik sanoat zonasi va yoshlar sanoat zonalari muhandislik ta’minotini yaxshilash orqali tadbirkorlikni rivojlantirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida ishlarni tashkil etish, atrof- muhitni muhofaza qilish bo‘yicha choralarni ko‘rish lozimligi qayd etildi.
Ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Senatning yalpi majlisida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning sifat tarkibini yaxshilash, o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash hamda kadastrini yuritish holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi.
Parlament so‘roviga berilgan javob orqali respublikamizda o‘ziga xos, noyob, qimmatli tabiiy ob’ektlar va majmualarni, o‘simliklar va hayvonlarning fondini saqlab qolish, shuningdek, tabiiy jarayonlarni o‘rganish maqsadida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligini ko‘rish mumkin.
Xususan, so‘nggi besh yilda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar (METH) faoliyatiga doir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 3 ta qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 13 ta qarori va 1 ta farmoyishi qabul qilingan. Olib borilgan ishlar natijasida respublikada METH maydoni 6,4 millionga yetkazilib, mamlakat hududining 14,08 foizini tashkil etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 21 fevraldagi PF–37-sonli farmoniga muvofiq joriy yilda Farg‘ona va Namangan viloyatlarida milliy tabiat bog‘larini tashkil etish hamda METH maydonini 14,2 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Transchegaraviy METH tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, manfaatdor tomonlarga taqdim etilgan.
METHda hayvonot va o‘simlik dunyosi kontrabandasi, noqonuniy ovchilik, o‘simliklarning noqonuniy kesilishining oldini olish maqsadida manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda nazorat tadbirlari o‘tkazilgan.
O‘simlik va hayvonot dunyosi ob’ektlarini hisobga olish va monitoring qilish bo‘yicha smart monitoring tizimi joriy etilib, kadastr ma’lumotlarini to‘plash hamda shakllantirish va tahlil qilish ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, Davlat kadastrlari yagona tizimi Milliy geografik axborot tizimiga integratsiya qilingan. METHda 500 dan ortiq fotoqopqon o‘rnatilib, yovvoyi hayvonlar hisobi va monitoringi yuritilmoqda.
METH birlamchi yong‘inga qarshi kurashish vositalari bilan ta’minlangan, yong‘inga qarshi yo‘llar ta’mirlanib, minerallashtirilgan yo‘laklar barpo etilgan.
Biotexnik tadbirlar uchun 693 ta nuqtada omuxta yem oxurlari, 92 ta nuqtada sun’iy suvloqlar, 500 dan ortiq tuzloqlar va qo‘shimcha oziqlantirish maskanlari tashkil etilgan.
METHda ilmiy-tadqiqotlar olib borishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida maxsus transport vositalari, laboratoriya jihozlari, elektron mikroskoplar, fotoqopqonlar va boshqa texnik anjomlar xarid qilingan.
METHga antropogen omillar ta’sirini kamaytirish maqsadida qator qo‘riqxonalarga tutash hududlarda qo‘riqlanma (bufer) zonalar tashkil qilingan.
O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvon va o‘simliklar turlarini muhofaza qilish hamda takror ko‘paytirish maqsadida Buxoro bug‘usi parvarishxonalari, Qizilqum arxari parvarishxonasi hamda ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomniklari tashkil qilingan.
Sohada huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida 2023 yil davomida ikki mingga yaqin nazorat reyd tadbirlari amalga oshirilgan. METHga tutash hududlarda istiqomat qiladigan aholi o‘rtasida profilaktik tushuntirish ishlari olib borilgan.
Qayd etilganidek, parlament so‘rovi javobi tahlillari va o‘tkazilgan o‘rganishlar ayrim masalalar hamon dolzarbligicha qolayotganini ko‘rsatmoqda.
Jumladan, METHda biotexnik tadbirlarga mablag‘lar mahalliy byudjet hisobidan moliyalashtirilishi lozim bo‘lsa-da, ayrim holatlarda ular tomonidan yetarli mablag‘ ajratilmay qolmoqda.
Hududlar xususiyatlarini, tabiiy majmualar va hududiy farqlarni hisobga olgan holda ekologik indikatorlarni ishlab chiqish lozim.
Noqonuniy chorva mollari boqilishi, yerlarning o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi va boshqa salbiy omillar sababli METHning biologik xilma-xilligi qisqarishi, umumiy biomassasi siyraklashishi davom etmoqda.
METH yer maydonlarini sanoat va boshqa maqsadlar uchun zaxiraga qaytarishga harakatlar kuchayib bormoqda.
Yalpi majlisda yuqorida qayd etilgan muammolarni hal qilish, shuningdek, ma’lum vaqt talab etadigan va doimiy nazorat lozim bo‘lgan ayrim masalalar parlament nazoratida qolishi qayd etildi.
Muhokamadan so‘ng Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Bundan tashqari, o‘zini o‘zi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirishning ayrim masalalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi ham muhokama qilindi.
2020 yilda aholini tadbirkorlik faoliyatiga yanada keng jalb qilish va qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish maqsadida mamlakatimizda o‘zini o‘zi band qilish instituti joriy etildi.
Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan aholining murojaatlaridan kelib chiqib, o‘zini o‘zi band qilish, xususan, fuqarolar tomonidan ijtimoiy soliq to‘lash orqali pensiya uchun zarur mehnat stajini hisobga olish borasidagi ishlar holati o‘rganildi.
O‘zini o‘zi band qilish tizimi “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonun, Soliq kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 8 iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va boshqa normativ hujjatlar bilan tartibga solingan.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan 100 dan ziyod faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari mavjud.
Soliq kodeksiga muvofiq o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlari jismoniy shaxslar jami daromadlari tarkibiga kiritilmaydi.
Soliq kodeksining 408-moddasiga asosan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida ijtimoiy soliq ixtiyoriy ravishda to‘lanadi. Shuningdek, ushbu moddaga ko‘ra o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ijtimoiy soliq to‘lovini hisobot yilining 1 dekabrigacha amalga oshiradi.
Joriy yilning 6 oyi davomida o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar soni oshdi.
Aholining murojaatlari va tahlillar tizimda ba’zi muammolar borligini ko‘rsatdi. Xususan, 2020-2023 yillarda ro‘yxatga olinganlarning faqatgina 13 foizi ijtimoiy soliq to‘lovini amalga oshirgan.
Shuningdek, 2023 yilda aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 65 mingga yaqin fuqarolarga o‘zini o‘zi band qilish uchun davlat tomonidan moliyaviy ko‘mak, ya’ni 313 milliard so‘m subsidiya ajratilgan bo‘lib, daromad olish manbai yaratilgan bo‘lsa-da, ushbu fuqarolar tomonidan ijtimoiy soliq to‘lovi darajasi pastligicha qolmoqda.
Bundan xulosa qilishimiz mumkinki, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar tomonidan ijtimoiy soliq to‘lamaslik kelajakda ularning ijtimoiy himoyalanishi holati pasayishiga, ya’ni yoshga doir pensiya olish huquqidan mahrum bo‘lishiga olib keladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan kam miqdorda soliq to‘langan hollarda ularga tegishli yil uchun mehnat staji hisoblanmayapti va ayni paytda to‘langan summani soliq to‘lovchiga qaytarish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yilmagan.
Norasmiy mehnat nafaqat mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy salbiy ta’sir etadi, balki inson hayoti va sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yadi, qariganda yoki mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolganda ijtimoiy himoyasiz qoldiradi.
Ma’lumki, Soliq kodeksining 408-moddasiga binoan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar hisobot yilining 1 dekabrigacha to‘lovni amalga oshirishi belgilangan. Amalda mazkur sanadan keyin (1-31 dekabr oralig‘ida) soliq to‘lagan shaxslarga tegishli yil uchun mehnat staji hisoblanmagan.
Vazirlar Mahkamasiga yuborilayotgan parlament so‘rovida aholini qiynayotgan masalalarga yechim topish, qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga qulaylik yaratish so‘ralmoqda.
Muhokama so‘nggida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Oliy Majlis Senatining ellik to‘rtinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi va tegishli qaror qabul qilindi.
Yalpi majlisda jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 18 ta masala, shu jumladan, 14 ta qonun muhokama qilindi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati