Mamlakatimizda elektr energiyasidan samarali foydalanib, uning tanqisligining oldini olish maqsadida qayta tiklanuvchi muqobil energiya manbalarini qo‘llash amaliyoti keng joriy etilayotgan bugungi kunda tadbirkorlarimiz tomonidan quyosh panellarini ishlab chiqarish loyihasi rag‘batlantirilmoqda.

Ӯzbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi hamda  Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi mutasaddilari hududda birinchilardan bo‘lib quyosh panellarini to‘liq avtomatlashtirilgan tartibda ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Nukus shahridagi “Nukuselectroapparat” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasida bo‘ldi. Mazkur korxonaning qariyb  125 milliard so‘m qiymatidagi ushbu loyihasining ishga tushirilishi yana 30 ta yangi ish o‘rnining yaratilishiga zamin bo‘ladi.

“Nukuselectroapparat” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasiga 2023 yil boshidan buyon olib kirilgan avtomatlashtirilgan texnologik asbob uskuna va qismlarga hukumat qarorlari asosida 10,4 milliard so‘m miqdorida bojxona to‘lovidan imtiyoz hamda preferensiya taqdim etilgan.

Uchrashuv davomida korxona mas’ullariga “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi afzalligi tushuntirilib, ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish va eksport tomon harakatlanish bo‘yicha ham muhokamalar olib borildi. Kelgusida o‘z mahsulotlarini eksportga yo‘naltirishni rejalashtirayotgan mazkur korxona mas’ullariga tadbirkorlik sub’ektlariga yaratilayotgan sharoitlar qatorida “Eksport 3 qadamda” tizimi imkoniyatlari tushuntirildi.

Ijtimoiy va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohalari hamda iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish mamlakatimizda energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojni qanoatlantirib, uning taqchilligini oldini olishga xizmat qiladi. O‘zimizda ishlab chiqarilayotgan quyosh panellari esa tan narxining pastligi va transport xarajatlarining iqtisod bo‘lishi evaziga butun xalqimizga birdek qulaylik yaratadi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri