Kompyuter va sport. Bir-biridan uzoq, ta’bir joiz bo‘lsa, ikkita qutbdagi nuqtalar sifatida qaralgan sohalar XXI asrga kelib kommunikatsiyaning rivojlanishi, dunyoda raqamlashtirish jarayonlarining izchil kechishi oqibatida bitta maydonda – fijital musobaqalari tizimida birlashdi.

Bugun futbol, basketbol, xokkey, velosport, stol tennisi kabi o‘nlab sport turlari o‘zining ikkinchi qanoti – fijital bilan boyitilmoqdaki, bu, ishtirokchi va qiziquvchilar qamrovi oshishiga olib kelmoqda.

Fijital so‘zi inglizcha physical (jismoniy) va digital (raqamli) so‘zlarining birlashuvidan kelib chiqqan bo‘lib, ushbu formatning paydo bo‘lishining asosiy g‘oyasi elektron sportchilarni virtuallikdan ochiq maydonga olib chiqishga qaratilgan. Boshqacha aytganda, sportchilar fijital zallarida avval monitorda qo‘llarida joystik bilan raqobatlashib, so‘ngra ochiq maydonda yuzma-yuz kuch sinashadi.

Buni faqat kompyuter bilimlari bilan bog‘lanib, aql kurashiga berilgan yoshlarni sport va jismoniy tayyorgarlik bahslariga chorlashning yangicha formati bo‘ldi, deyish mumkin.

Dunyoning ko‘plab davlatlarida bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham mazkur yo‘nalishni rivojlantirish, ushbu tizimda musobaqalar o‘tkazish, iqtidorlilarning bilim va jismoniy faolligini ro‘yobga chiqarishga e’tibor qaratilmoqda.

Joriy yilning fevral oyida tashkil etilgan O‘zbekiston Fijital sport federatsiyasi qisqa fursatda minglab yoshlarni birlashtirishga, ularni shiddatli bellashuvlarga jalb qilishga muvaffaq bo‘ldi.

– O‘zbekistonda fijital sport tizimi rivojiga davlatimiz tomonidan alohida e’tibor berilishi qisqa fursatda o‘z natijasini berdi. Joriy yilning 21 fevral-3 mart kunlari Rossiyaning Qozon shahrida ilk bor tashkil etilgan, 107 ta mamlakatdan 227 ta jamoa, 2000 nafardan ziyod sportchi ishtirok etgan «Kelajak o‘yinlari» musobaqasida  hamyurtlarimizning fijital ralli bo‘yicha 2-o‘rinni qo‘lga kiritgani tarixiy natija bo‘ldi. Yana bir ahamiyatli jihat, bugungi kunda yurtimizda virtual velosport, sport dasturlashi, fijital-xokkey va fijital-poyga yo‘nalishlarida musobaqalar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. 11 iyundan Qozon shahrida boshlanadigan «Briks» o‘yinlarida ham fijital musobaqalarining o‘tkazilishi belgilangan. Yurtimizning fijital basketbolchilari bahslarda qatnashishga hozirlik ko‘rmoqda, – deydi O‘zbekiston Fijital sport federatsiyasi mutaxassisi Husan Nasrullayev.

Darhaqiqat, fijital sportini rivojlantirish, ham jismoniy, ham intellektual jihatdan iqtidorli sportchilarni tanlab olish orqali terma jamoalarni shakllantirish, ularning xalqaro musobaqalarda ishtirokini ta’minlash muhim vazifa sanaladi. Ayni harakatlar esa 2026 yilgi «Kelajak o‘yinlari» xalqaro musobaqasining mamlakatimizda o‘tkazilishiga tayyorgarlikning muhim bosqichidir.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA