O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Raqamli texnologiyalar sohasidagi istiqbolli startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va sohadagi yirik tashkilotlar faoliyatini eksportga yo‘naltirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq,  2024 yil 1 iyuldan boshlab raqamli texnologiyalar sohasida IT-ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish hamda eksportga yo‘naltirish bo‘yicha startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun har yili o‘tkaziladigan tanlov asosida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki orqali quyidagi pozitsiyalar bo‘yicha 1 milliard so‘mgacha grantlarni ajratish tizimi joriy etiladi:

istiqbolli g‘oyaga – 150 million so‘m;

mahalliy bozorga ixtisoslashgan loyihaga – 300 million so‘m;

jahon bozoriga ixtisoslashgan loyihaga – 1 milliard so‘m.

Qaror bilan:

raqamli texnologiyalar sohasida startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun tanlov o‘tkazish;

tanlov ishtirokchilariga quyiladigan talablarni belgilash;

tanlov ishtirokchilarini baholash va grant sovrindorlarini aniqlash;

tanlov natijasi bo‘yicha grantlar ajratishni  nazarda tutuvchi nizom tasdiqlandi.

Shuningdek, mazkur qarori bilan Raqamli texnologiyalar sohasida startap loyihalarini tanlash va grant ajratish bo‘yicha tanlov komissiyasi tarkibi ham tasdiqlandi. Komissiyaning vazifasi:

tanlovni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq tegishli qarorlar qabul qilish, tanlovni o‘tkazish muddatlarini belgilash;

tanlov doirasida moliyalashtiriladigan loyihaning samaradorligini baholash va monitoring qilish;

tanlov doirasida moliyalashtiriladigan startap loyihani iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga joriy etishga ko‘maklashishdan iborat bo‘ladi.

Qarorga ko‘ra “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJ tanlov komissiyasining ishchi organi hisoblanadi.

IT-parkka tanlov bosqichlarini tashkil etish va tanlov natijalari shaffof baholanishi uchun loyihaning samaradorligi va natijadorligini baholashdan o‘tkazish bo‘yicha o‘z mablag‘lari hisobidan eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo‘li bilan aniqlangan raqamli texnologiyalar sohasida xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy (xalqaro) tashkilot bilan shartnoma tuzish huquqi beriladi.

2024 yil 1 iyulga qadar tanlov doirasida ishtirokchilarni ro‘yxatga olish, yangiliklarni yoritib borish, grant mablag‘larini olish uchun murojaat qilish (ariza yuborish), murojaat jarayonini kuzatib borish va tanlov bilan bog‘liq boshqa ma’lumotlarni joylashtirishga mo‘ljallangan maxsus platforma ishga tushiriladi.

2024 yil 1 oktyabrdan boshlab jami daromadi kalendar yil davomida 100 milliard so‘m va undan yuqori bo‘lgan IT-park rezidentlari uchun eksportning minimal ko‘rsatkichlari hamda mazkur ko‘rsatkichlardan kelib chiqqan holda ular tomonidan IT-park direksiyasiga jami daromadidan o‘tkaziladigan ajratmalarning tabaqalashtirilgan miqdori joriy etiladi.

O‘zA