Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqish ko‘zda tutilgan.

Majlisda dastlab bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

—  Mamlakatimizda xotin-qizlar hamda bolalar huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda, — dedi deputat Dilbar Mamajonova. — Mazkur qonun bilan amaldagi qonunchilikka “oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik” tushunchasi kiritilib, bunday qilmishlar uchun tegishli ravishda ma’muriy hamda jinoiy javobgarliklar belgilanmoqda, bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun javobgarlik yanada kuchaytirildi. Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritildi.

Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida siyosiy partiyalar fraksiyalari, deputatlar tomonidan berilgan bir qator taklif va tavsiyalar ishchi guruh yig‘ilishlarida chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati hujjat matnida aks ettirildi. Xususan, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi sub’ektlar qatoriga Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi hamda nodavlat ta’lim tashkilotlari ham kiritildi.

Bunda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya tomonidan muvofiqlashtirilishi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi komissiyaning ishchi organi, qolaversa, qonun ijrosini ta’minlash bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanishi taklif etilmoqda. Shuningdek, qonun loyihasida bolalarga ham himoya orderi berish taklif etilmoqda.

Ta’lim, tarbiya, bolalarni sog‘lomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarda ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi taqiqlanadigan shaxslarning doirasi kengaytirilmoqda. Bundan tashqari, loyihada bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishda ota-onalarning ishtiroki va ularning majburiyatlari belgilab qo‘yilmoqda. Ota-onalarning (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning) bolalarni tarbiyalash usullari mensimaslik, shafqatsizlik, qo‘pollikdan, insoniy qadr-qimmatni kamsituvchi muomaladan, bolalarni haqoratlash yoki ekspluatatsiya qilishdan xoli bo‘lishi kerakligi belgilab qo‘yilmoqda.

Shu bilan birga, zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi va uning qonuniy vakili moddiy zararning o‘rnini qoplash hamda ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat etganda, davlat boji to‘lashdan ozod qilinishi belgilanmoqda, — dedi ma’ruzachi.

Moddama-modda muhokamalarda so‘z olgan deputatlar loyiha yuzasidan bir qator savollarni o‘rtaga tashladi. Shuningdek, qonun loyihasining ahamiyati va zarurati yuzasidan siyosiy partiyalar fraksiyalarining ham munosabatlari eshitildi. Xalq vakillari qayd etganidek, hujjatning qabul qilinishi bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga murosasiz munosabatda bo‘lish, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

 

M.Komilova,  

O‘zA