O‘zbekiston Markaziy banki 2023 yil uchun moliyaviy barqarorlik sharhini tayyorladi. Sharhda moliyaviy zaifliklar xaritasi, global va O‘zbekiston iqtisodiyotidagi moliyaviy sharoitlar, moliyaviy sektordagi vaziyat, nomoliyaviy sektordagi holat, aktivlar bozoridagi holat, bank tizimi bo‘yicha makro stress-test natijalari, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavflar, makroprudensial siyosat asoslarini takomillashtirish imkoniyatlari, moliyaviy barqarorlik uchun ichki va tashqi xatarlar kabi masalalar qamrab olingan.

Hujjatda keltirilishicha, O‘zbekistonda 2023 yilda nisbatan qat’iy moliyaviy sharoitlar saqlanib qolgan. Tashqi sektordagi xatarlar bo‘yicha kutilmalarning yomonlashishi, shuningdek xalqaro moliya bozoridagi yuqori o‘zgaruvchanlik ta’sirida moliyaviy sharoitlarning qat’iylashishi kuzatilgan. Shunga qaramasdan, so‘nggi yillarda bank tizimida shakllangan nisbatan yuqori stress darajasi 2023 yil yakunida sezilarli pasaygani qayd etilgan.

Tadqiqotlarga ko‘ra, o‘tgan yili muammoli kreditlarning jami kreditlardagi ulushi deyarli o‘zgarishsiz 3,5 foiz atrofida saqlanib turdi. Bunda, O‘zbekiston bo‘yicha muammoli kreditlar ulushi Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari bo‘yicha 25 protsentil chegarasidan biroz yuqori darajani qayd etib, ushbu mintaqaning deyarli mediana ko‘rsatkichlari doirasida shakllanishda davom etmoqda.

Aholining yalpi kreditlar bo‘yicha qarz yukida o‘sish kuzatilmoqda. 2023 yil yakunida aholining yalpi kreditlar bo‘yicha qarz yuki holatida yaxshilanish kuzatilishiga qaramay, ushbu ko‘rsatkich yillik hisobda ortgan. Aholining ipoteka kreditlari bo‘yicha qarz majburiyatlarini bajarish imkoniyati bilan bog‘liq xavotirlar saqlanib qolmoqda. Shuningdek, so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, bankdan qarzdor respondentlarning umumiy qarz yuki darajasi 87 foiz doirasida shakllangan.

Ko‘chmas mulk bozorida uy-joy narxlarining yuqori baholanish tendensiyasi davom etmoqda. So‘nggi yillar davomida yuqori sur’atlarda o‘sib borayotgan uy-joylarning bozor qiymati ushbu aktivlarga bo‘lgan talabni yanada oshirmoqda. Yuqori talab sharoitida taklif hajmining sezilarli ortda qolishi uy-joy narxlarining fundamental omillarga, xususan aholi daromadiga bog‘liq bo‘lmagan holda o‘sish tendensiyasini yuzaga keltirmoqda.

Bundan tashqari, uy-joylarni ijara berish xizmati rentabelligining pasayishiga qaramay, spekulyatsiya omili ta’sirida ko‘chmas mulk bozorida yuqori faollik va talab hajmi ortgan. 2023 yil davomida ko‘chmas mulk bozorida uy-joylarning o‘rtacha bozor narxi fundamental narxidan 24 foizga yuqori baholanishi kuzatildi.

Makroprudensial choralarning qat’iylashtirilishi natijasida 2023 yilning ikkinchi yarmida avtokreditlarning yillik o‘sish sur’atida sekinlashish kuzatildi. Makroprudensial choralar avtomobil narxlarining keskin pasayishi sharoitida avtokreditlar bo‘yicha yo‘qotishlarni tijorat banklarida zaxira bilan ta’minlash hamda avtomobil bozorida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarning bank tizimi moliyaviy barqarorligiga ta’sir ko‘lamini kamaytirish imkonini beradi.

2023 yilda korporativ sektordagi moliyaviy holat biroz yomonlashdi. Tanlab olingan yirik korxonalarning leveraji o‘suvchi dinamikani namoyon etdi. Korxonalar uchun xorijiy valyutadagi bank qarzlariga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining o‘sishi, foizli xarajatlarni qoplash koeffitsiyenti hamda rentabellik ko‘rsatkichlarida pasayish kuzatildi. Ushbu ko‘rsatkichlardagi o‘zgarishlarning saqlanib qolishi korporativ sektorda shoklar yuzaga kelgan taqdirda moliya tizimida ham sezilarli yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin.

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA