Abdulaziz Komilov IHT Bosh kotibi Halil Ibrahim bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatimizga tashrif buyurgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibi Halil Ibrahim Akchani qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va IHT o‘rtasidagi hamkorlik holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi aloqalarga alohida e’tibor qaratilib, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashning amaliy jihatlari yuzasidan fikr almashildi.

Shu kuni A.Komilov mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lgan Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidentining xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Muhammad Hanif Atmarni qabul qildi.

Uchrashuv boshida Muhammad Hanif Atmar qurg‘oqchilikdan jabr chekkan Afg‘oniston xalqiga ko‘rsatilgan gumanitar yordam uchun Prezident Muhammad Ashraf G‘ani nomidan O‘zbekiston Hukumati va xalqiga samimiy minnatdorlik izhor etdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston – Afg‘oniston va mintaqa kun tartibidagi muhim masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Prezident maslahatchisi Afg‘onistondagi vaziyat haqida batafsil ma’lumot berdi. U 2018 yil 26- 27 mart kunlari Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha izchil va tizimli ishlar uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, Afg‘oniston tomoni Tashqi ishlar vazirligining 18 iyundagi Bayonotida keltirilgan tinchlik muzokaralari jarayoniga ko‘mak ko‘rsatish to‘g‘risidagi O‘zbekiston hukumati mavqeyini to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

Suhbat davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy, gumanitar, ta’lim va boshqa sohalarda davlatlararo hamkorlikning jadal rivojlanishi mamnuniyat bilan ta’kidlandi va ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

 

Go‘zal Sattorova, O‘zA