Keyingi paytda mamlakatimizda elektr energiyasi va tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoj oshib bormoqda. Bunga aholi sonining oshishi va turmush-tarzining yaxshilanib borayotgani, yurtimizning barcha hududlarida turar-joy binolarining barpo etilayotgani kabi omillar sabab bo‘lmoqda.

Biroq energetika tizimining bir maromda ishlab turishini ta’minlash uchun katta mablag‘ zarur. Bugungi kunda esa aksariyat elektr va gaz qurilmalarining ma’nan eskirgani ham hech kimga sir emas.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 2024-yil 16-aprel kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida elektr energiyasi va tabiiy gaz bir oylik iste’molining bazaviy me’yorlari tasdiqlanishi hayotiy zaruratdir. Chunki hukumat tomonidan aynan energetika tizimining subsidiyadalanishi sababli, aholi iste’moli uchun ushbu manbalarning narxi 2019-yildan buyon o‘zgarmagan edi.

Shu ma’noda, yoqilg‘i-energetika sohasida bozor tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish jarayonida tariflarni o‘zgartirish va energetika tarmog‘ini barqarorlashtirishda ushbu chora-tadbirlar muhim hisoblanadi.

Kuni kecha qabul qilingan qarorning mazmun-mohiyati va uning doirasida amalga oshiriladigan ishlar haqida batafsil ma’lumot olish uchun Energetika vazirligining Gaz-transport va taqsimlash tizimini rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi Hakim Qo‘shboqov va «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Faxriddin Nuraliyev bilan suhbatlashdik.

– Hakim Abdurazzoqovich, ushbu qaror mazmuni haqida batafsil to‘xtalib o‘tsangiz? Joriy yilning 1-may kunidan tabiiy gaz narxi oshiriladi. Bu ta’minot sifatini qay darajada yaxshilaydi?

– Bugungi kunda yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarini shakllantirish va bozor mexanizmiga bosqichma-bosqich o‘tish ishlari davom ettirilmoqda. Yaqinda hukumatning bu bo‘yicha qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, aholiga yetkazib berilayotgan tabiiy va suyultirilgan gaz narxlari ijtimoiy tabaqalantirildi. Bunda asosiy normalar yozgi, kuz va qishki mavsumga ajratildi. Yozda aholi iste’molchilarimizga 100 metr kub ijtimoiy norma belgilangan bo‘lsa, kuz va qish mavsumlarida ushbu norma 500 metr kubni tashkil etadi. Ijtimoiy normaga asosan qabul qilingan tabiiy gaz hajmi 650 so‘mdan, undan oshgani esa 1500 so‘mdan belgilandi.

Bu ijtimoiy normalar joylardagi o‘rganish natijalari hamda iste’mol madaniyatini shakllantirishga qaratilgan. Ijtimoiy norma tariflarida tabiiy gaz yetkazib berish asosiy maqsad qilindi. Buning natijasida gaz narxining oshishi evaziga tabiiy gazni qazib chiqarish, transportirovka qilish hamda iste’molchilarga barqaror yetkazib berish tizimini modernizatsiya qilish, yangilash va ularning ishonchliligini oshirish bo‘yicha texnik tadbirlar amalga oshiriladi.

Ta’kidlash joizki, bundan texnik tadbirlarni bir kun yoki bir yilda hal qilib bo‘lmaydi. Bu tadbirlar bosqichma-bosqich olib boriladi. Narxning oshgani ertaga gazning uzilishi, gaz bosimining pasayib ketish holatlari umuman bo‘lmaydi, degani emas. Chunki tizimda choralarni olib borish uchun bizga vaqt kerak bo‘ladi. Bu ishlar samarasida gaz bosimining pasayishi va uzilishi sekinlik bilan kamaytirilib borishga erishiladi. Avariyaviy va shunga o‘xshash holatlar kuzatilsa, tabiiy gaz bosimining pasayishi yoki o‘chirish holatlari kuzatiladi.

– Faxriddin, yangi tarifga asosan aholi xonadonida 1000 kilovatt soat elektr energiyasi iste’mol qilingan bo‘lsa, to‘lov qay tarzda amalga oshiriladi?

– Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida endilikda bir oyda 200 kilovattgacha elektr energiyasi ishlatgan xonadon egasi 1 kilovatt soat uchun 450 so‘mdan to‘laydi. Bundan ortiq, ya’ni 1000 kilovatt soatgacha ishlatilgan bo‘lsa, 200 kilovatt soatgacha 450 so‘m, qolgan 800 ga esa 900 so‘mdan to‘lov qilinadi. Bu davomli ravishda ushbu manbadan qancha ko‘p iste’mol qilinsa, shuncha to‘lov miqdori oshib boradi.

Albatta, iste’molchilarda haqli savol tug‘ilishi mumkin: nima uchun shunday tabaqalashtirilgan tarif joriy etildi? Chunki bunday tarifni oshirish energetika tizimi uchun hayotiy zaruratga aylandi. Sababi, generatsiya, taqsimlash kabi jarayonlarda eskirish bor edi. Bu bevosita elektr energiyasi to‘lovlari bilan ham bog‘liqdir. Qolaversa, tizimda 100 ming nafardan ortiq ishchi-xodim mehnat qiladi. Ularning ish haqi va ehtiyojini qondirish uchun ham mablag‘ zarur bo‘ladi.

200 kilovatt soat nima uchun ijtimoiy norma qilib belgilanganiga izoh bersam. Mamlakatimizda deyarli 62 foizdan ko‘prog‘ini aynan 200 kilovatt soat elektr energiyasi iste’mol qiluvchilari tashkil etadi. Mana shu miqdor asos qilib olindi va amaliyotga tatbiq etildi.

O‘suvchi koeffitsiyentning qo‘llanilishiga kelsak, elektr energiyasi tannarxini bozor mexanizmlari asosida joriy etish o‘tgan yildan boshlandi. Xususan, ulgurji iste’molchilar uchun tariflar tannarxga tenglashtirildi. 1-maydan boshlab esa aholi uchun tabaqalashtirilgan tarif bevosita tannarxga yaqinlashtirildi. Hozirgi kungacha iste’molchilarimiz 1 kilovatt soat uchun 295 so‘m to‘layapti. Bu tannarxdan ancha pastdir. Salkam ming so‘mga 1 kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi va aholiga 295 so‘m miqdorida yetkazib berilmoqda. O‘rtadagi tafovut davlat byudjetidan qoplanmoqda. Bu mexanizmning shu tarzda ishlashi tizim korxonalarini moliyaviy holatining yomonlashuviga olib keldi.

Bundan tashqari, ishlab chiqarish jarayonida qo‘shimcha quvvatlarni yaratish zarurati paydo bo‘ldi. Qolaversa, past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun ham mablag‘ yetishmovchiligi mavjud edi. Bu esa chekka hududlarda, shuningdek, o‘tgan yilgi anomal sovuq tizimda katta o‘zgarishlarni olib borish zarurligini ko‘rsatdi.

Yangi tarifning amaliyotga tatbiq etilishi tizimni bu kabi talab va takliflar asosida rivojlantirishda moddiy ko‘mak bo‘ladi.

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva suhbatlashdi.