Xalqaro uzum va vino tashkiloti (OIV) 1924-yili tashkil topgan. Shtab-kvartirasi Parijda joylashgan. Hozir unga 50 ga yaqin mamlakat, jumladan, O‘zbekiston ham a’zo.

Ayni paytda Italiyada Xalqaro uzum va vino tashkiloti (OIV) yig‘ilishiga start berildi. Unda Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ham ishtirok etmoqda.

Yig‘ilishda dastlab, Italiya Bosh vazirining yig‘ilish ishtirokchilariga bevosita yo‘llangan tabrigi o‘qib eshittirildi. Shundan so‘ng tashkilotga a’zo davlatlar tomonidan o‘zaro hamkorlik va istiqbolli loyihalar xususida ma’ruzalar taqdim etildi.

O‘z navbatida, so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri I. Abdurahmonov mustahkam hamkorlik hamda O‘zbekistonda uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish borasida qilinayotgan ishlar xususida so‘z yuritdi. Jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan barcha sohalar qatori uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish borasida olib borayotgan islohotlar alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, muloqot jarayonida I.Abdurahmonov tomonidan uzumchilik yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar bilan hamkorlikda uzum va vinochilikni rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda xodimlar malakasini oshirish, Xalqaro uzum va vino tashkiloti tavsiyalari asosida milliy vino tanlovini o‘tkazish, O‘zbekiston vinochilik sohasiga moliyaviy va nou-xau sarmoyalarini jalb qilish va vinochilikda O‘zbekiston imijini rivojlantirishga ko‘maklashish, Italiya, Fransiya, Ispaniya kabi davlatlarning agroturizm yo‘nalishidagi tajribalarini O‘zbekistonda ham keng targ‘ib etish kabi bir qator takliflar ilgari surildi.

Mamlakatimizda uzum va vinochilik yo‘nalishini rivojlantirish orqali qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq ovqat xavfsizligini mustahkamlash, sohadagi tenglik, o‘zaro qiziqish va manfaatdorlikni oshirish maqsadida bildirilgan takliflar yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan ma’qullandi va kelgusida hamkorlikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar o‘rtaga tashlandi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish kerakki, Xalqaro tashkilotga a’zo bo‘lish istagidagi davlat avvalo, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan tan olingan va qonuniy mavqedagi hukumatga ega bo‘lishi lozim. A’zolik esa vino, uzum va mayizga daxldor dolzarb masalalarni, asosan standartlar, qoidalar, sifat mezonlarini muhokama qiluvchi ilmiy hamjamiyat faoliyatida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan bo‘lishi kerak. Bu narsa o‘sha davlatga qarorlar qabul qilishda muayyan ustunliklardan foydalanish imkonini beradi. Agar tashkilotga a’zo davlatlar hukumatlari tomonidan qonunchilik va xalqaro qoidalarga rioya qilish borasida ko‘mak so‘ralsa, ularga bu borada tegishli xizmatlar ham ko‘rsatiladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA