BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda oziq ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va yerni qayta tiklashga ta’sirini baholash dasturi” loyihasi amalga oshirib kelinmoqda.

Loyiha doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida fermerlar ekinlar hosildorligini va tuproq unumdorligini oshirishga yordam beradigan, fermer xo‘jaliklari iqtisodiga hamda atrof muhitga ijobiy ta’sir o‘tkazadigan to‘g‘ridan to‘g‘ri ekish texnologiyalari bilan tanishtirilmoqda.

Yaqinda Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida “Fermer kuni” tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda Qamashi va Shaxrisabz tumanlari fermer xo‘jaliklari, viloyat va tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limlari mutaxassislari qatnashdi.

Tadbir qatnashchilari to‘g‘ridan to‘g‘ri ekish texnologiyasini qo‘llagan holda ekilgan kuzgi bug‘doy va xashaki no‘xat dalalarida qilinayotgan agrotexnik tadbirlarning iqtisodiyotga va qishloq xo‘jaligining barqaror bo‘lishiga, hamda atrof muhitga ijobiy ta’siri bilan tanishdilar.

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida jahonning eng ilg‘or tajriba, ko‘nikmalari, bilim va innovatsiyalarini joriy etish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish samaradorligini ta’minlash bo‘yicha amaliy yordam hamda tavsiyalar berildi.

Bugungi kunda loyiha doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlaridagi xonadonlarga 30 dona issiqxonalar o‘rnatildi va 25 dona motokultivatorlar yetkazib berilib, issiqxonalarda sabzavot ekinlarini yetishtirish bo‘yicha seminar-treninglar o‘tkazildi. Shuningdek, fermer xo‘jaliklariga 20 tonnaga yaqin 10 turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetkazib berilgan.

Tadbir so‘ngida katnashchilar to‘g‘ridan to‘g‘ri ekish texnologiyasi yangi yo‘nalish ekanligini ta’kidladi. Bu yangi texnologiya yurtimiz lalmi maydonlari tuproq iqlim sharoiti uchun maqbul ekani qayd etildi, texnologiyalar iqtisodiyotga va qishloq xo‘jaligining barqarorligiga olib kelishiga ishonch bildirildi.

B.Xudoyberdiyev,

O‘zA