O‘zbekiston va Italiya davlatlari hamkorligi keng qamrovda davom etmoqda. 2023-yilda iyun oyida O‘zbekiston Prezidenti Italiyaga rasmiy tashrifni amalga oshirgan bo‘lsa, noyabr oyida Italiya Respublikasi Prezidenti O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Uchrashuvlarda ikki tomonlama strategik sheriklik va ustuvor yo‘nalishlardagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada kengaytirish masalalar muhokama qilindi. Xususan, ta’lim sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Toshkentdagi Turin politexnika universiteti filialining faoliyati bu boradagi muvaffaqiyatli sheriklikka misol ekani qayd etildi.

O‘zbekistonda italyan tilini o‘rganishga qiziqish o‘sib borayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. Maktablarimizda italyan tili o‘qituvchilarini tayyorlash va maktablarimizda uni o‘qitishni bosqichma-bosqich joriy qilish muhimligi haqida yakdil fikr bildirildi.

Buning amaliy natijasi oliy ta’lim tizimida mazkur tilni o‘qitish bo‘yicha salmoqli yutuqlarga erishilayotgani yaqqol tasdiqlaydi.

Jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti xorijiy tillar kafedrasida ingliz, fransuz, ispan, nemis kabi xalqaro tillar bilan bir qatorda italyan tili bo‘yicha yetuk o‘qituvchilar faoliyat yuritmoqda.

Italyan tili o‘qituvchisi Muborak Madrahimovaning aytishicha, ustozlar o‘z bilimlarni talablarga o‘rgatish bilan cheklanmasdan, tilning jozibasini o‘sha tildagi san’at asarlarini o‘qitish, ularni yoshlarga ijro ettirish orqali yoshlar qalbiga singdirmoqda.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida italyan tili o‘qitilayotganining 20-yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri haqiqiy festival tusini oldi.

Tadbir doirasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev Italiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Agostino Pinna, Italiyadagi Perujiya universiteti rektori Valerio De Chezaris bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali samarali hamkorlik mamlakatlarimiz rivoji, xalqlarimiz do‘stona aloqalari rivojiga hissa qo‘shayotganini e’tirof etdi. Bunda O‘zbekiston va Italiya davlatlari rahbarlarining sa’y-harakati, oliy darajadagi uchrashuvlarda erishgan kelishuvlari muhim o‘rin tutmoqda.

Universitet faollar zalida bo‘lib o‘tgan tadbirda esa italyan tilida jaranglagan she’rlar, qo‘shiqlar, operalar tadbir ishtirokchilarida iliq taassurot qoldirdi.

Mashhur yozuvchi Uilyam Shekspirning “Romeo va Juletta” asari asosida talabalar tomonidan sahnalashtirilgan teatr tomoshasi qalblarga hayrat olib kirdi. Ikki sevishganning fojiali o‘limini sahnada ko‘rsatib bergan yosh ijrochilar qisqa tanaffusdan keyin asarga juz’iy o‘zgartirish kiritib, ikki sevishganni qayta hayotga qaytarib, ularning baxtli onlarini namoyish qilib berganlarida nigohlar quvonchdan porlab ketdi. Chunki buyuk bir asardan katta taassurotlar olish bilan birga, sevishganlarning fojiali o‘limidan keyin yuraklarlarga singib qolgan armonlar ariganday  bo‘ldi.

E’tiborli jihati, mazkur tadbir ishtirokchilar orasida  Italiyadan tashrif buyurgan mehmonlar, Italiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari borligi va ular sahna ko‘rinishlariga hayrat-u havas bilan qarashi bo‘ldi.

– Tadbir menda juda katta taassurot qoldirdi, bunchalik bo‘lishini, to‘g‘risi, kutmagan edim, – deydi Perujiya universiteti rektori Valerio De Chezaris. – O‘zbek yoshlarining italyan tilini mukammal egallagani, mashhur italyan san’atkorlarining asarlarini maromiga yetkazib ijro qilishganidan juda hayratlandik. Ta’lim sohasida, ayniqsa, til o‘rganish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilganidan juda mamnunmiz. O‘ylaymanki, bunday hamkorlik doirasi kengayib boradi. Talabalar, o‘qituvchilar almashinuvi, malakasini oshirish bo‘yicha kelishuvlarimiz bor. Buni yanada kengaytirish, bu borada amaliy yordam ko‘rsatish ustida ish olib bormoqdamiz. Bunday hamkorlik xalqlarimiz do‘stligi mustahkamlanishi, hamjihatligiga xizmat qilishi quvonarli.

Tadbir yakunida unda faol ishtirok etgan talabalar va mehmonlarga faxriy yorliqlar topshirildi.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA