2023-yil davomida Rossiya – Ukraina hamda Isroil – XAMAS ziddiyati, shuningdek dunyoning boshqa mintaqalarida kechayotgan qurolli to‘qnashuvlar minglab begunoh aholi vakillari umriga zomin bo‘ldi, millionlab odamlar uylarini tashlab ketishdi.

Bunday dahshatli voqelikni tan olgan holda, qarorgohi Seul shahrida, Global kommunikatsiyalar departamentida joylashgan BMT ECOSOC tuzilmasi huzuridagi “Yuksak madaniyat, butun dunyoda tinchlik va ziyo tarqatish” (HWPL) xalqaro tashkiloti Tinchlikni mustahkamlash va urushga barham berish to‘g‘risidagi deklaratsiya (DPCW) e’lon qilinganiga sakkiz yil to‘lishi munosabati bilan xalqaro konferensiya uyushtirdi.

Bugungi kunda 170 davlatda tinchlikparvarlik faoliyatini amalga oshirib kelayotgan HWPL tuzilmasi DPCW e’lon qilingan sana, ya’ni 2016-yil 14-martdan boshlab muntazam ravishda tinchlikni institutsionallashtirishni targ‘ib qilib, har yili xotira tadbiri o‘tkazadi.

– Bu gal onlayn va oflayn tartibda tashkil etilgan konferensiya jami 12 500 nafar turli soha ekspertlarini bir joyga to‘pladi, – dedi tuzilmaning MDH bo‘yicha matbuot xizmati rahbari Mariya Zaxarchenko O‘zA muxbiriga. – Siyosat, huquq, din, ta’lim, media hamda xotin-qizlar va yoshlar sohalari vakillari tegishli masalalarda fikr almashdi. HWPL tashkilotining, taxminan, 10 ming a’zosi tadbir va xotira marosimi o‘tkazilayotgan joyda hozir bo‘lishdi.

Anjuman “Tinchlikni anglashni shakllantirish: madaniyatlararo muloqot va institutsionallashgan tinchlik uchun o‘zaro tushunish” deb nomlandi.

Tinchlikni institutsionallashtirishdan ko‘zlangan maqsad yuqorida tilga olingan deklaratsiya tamoyili asosida turli sohalarda tinchlikni chuqur ildiz ottirishdan iborat. Umuman, tinchlik kundalik, barcha fuqarolar istaganidek, madaniy va ijtimoiy me’yorga aylanishi lozim. Institutsionallashgan tinchlik quyidagi sohalarni qamrab oladi: xalqaro huquq, ta’lim, huquqni kengaytirish, xotin-qizlar va yoshlar imkoniyati, tinchlik yo‘lida dinlararo muloqot, tinchlik madaniyatini rag‘batlantirish siyosati, tinchlik mediasi, atrof-muhitni asrash, favqulodda vaziyatda yordam berish.

15 davlat xalqaro huquq ekspertlari ishtirokida ishlab chiqilgan DPCW deklaratsiyasi 10 modda, 38 banddan iborat. Hujjat nizolarning oldini olish va yuzaga kelgan muammoni hal qilish, tinch global jamiyatni rivojlantirish, mustahkam tinchlikka erishishda shaxs, jamoa va mamlakatlarning aniq rolini belgilash uchun zarur bo‘lgan tamoyil va vositalarni belgilab bergan.

Tadbirda qayd etilganidek, tinchlik loyihalarini amalga oshirishda ko‘rsatilgan sadoqat va fidoyilik nafaqat tahsinga sazovor, balki yanada uyg‘un dunyoga poydevor bo‘la oladi. Ayrim shaxslarning tinimsiz sa’y-harakati va tashkilotlarning urushlarni tugatish va xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashni rivojlantirishga qaratilgan umumiy maqsad yo‘lidagi faoliyati haqiqatan ham barchani ilhomlantiradi. Diniy yetakchilarning tinchlikni rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatida, jumladan, turli dinlar muqaddas bitiklarini qiyosiy o‘rganish muhim. Madaniyatlararo muloqot va bir-birini tushunish dinning ildizi bir, ma’nosi chindan ham olijanob qadriyatdir.

Nizolar global tinchlikka tahdid solayotganini ta’kidlagan HWPL raisi Li Man Xi turli dinlar birlashishi, bir-biri qadriyatini o‘rganishi va muqaddas bitiklarni qiyosiy o‘rganish orqali birlashishi kerakligini ta’kidladi. Diniy jamoalar yer yuzida insoniyat bilan yashash uchun Muqaddas bitiklarga asoslangan e’tiqodga amal qilishi zarur. Dindan qat’i nazar, kishilar o‘zaro muloqotga kirishadigan, hamkorlik qiladigan va bir-biriga yordam beradigan dunyoni yaratishimiz kerak, dedi u.

Tadbir tinchlik yo‘lini aks ettiruvchi turli sahna ko‘rinishlari bilan yakunlandi. Sahnada DPCW deklaratsiyasi modda va bandlari mazmun-mohiyati namoyish qilindi.

Saidmurod Rahimov,

O‘zA