Avval xabar berganimizdek, Turkiyaning Istanbul shahrida karate bo‘yicha “Premier League” seriyasiga kiruvchi nufuzli musobaqa bo‘lib o‘tdi. Unda jahonning 35 davlatidan olti yuzdan ziyod sportchi ishtirok etdi.
Tarkibida olti nafar sportchisi bilan qatnashgan o‘zbekistonliklar delegatsiyasi ham xalqaro turnirdan quruq qaytmadi. -50 kg. vaznda yurtimiz sharafini himoya qilgan Bahriniso Boboyeva finalgacha yetib bordi va kumush medal bilan taqdirlandi.
Aslida turnirdan ko‘zlangan maqsad natija emas, balki yangi rahbariyat bilan ish boshlagan Karate milliy federatsiyasi qisqa fursat ichida o‘z faoliyatini tubdan isloh qilish, iqtidorli sportchilar tayyorlash tizimini yaratish, terma jamoa tarkibida raqobatni kuchaytirish, Osiyo va Olimpiya kabi nufuzli musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qila oladigan sportchilarni tarbiyalash vazifasini bajarishga kirishganida edi.
Federatsiya zimmasiga ulkan vazifalar yuklatilganligi rost – sportchilarimiz yana ikki yildan keyin Tokioda o‘tadigan yozgi olimpiadada muvaffaqiyat qozonishi, yurtdoshlarimiz qo‘lga kiritadigan medallar sonini ortishida o‘z hissasini qo‘shishi lozim.
Karate sport turi bunga qadar Olimpiada o‘yinlari tasnifiga kiritilmagandi. U Tokio – 2020 Olimpiadasidan boshlab katta sahnaga chiqadi. Sababi, karatening vatani aynan Yaponiya hisoblanadi.
Olimpiadada karate musobaqalari oltita vazn toifasida o‘tkaziladi. Shularning uchtasi erkaklarga va yana uchtasi ayollarga tegishli. Kata uchun esa alohida ikkita vazn ajratilgan, demak, jami 8 ta vaznda medallar o‘ynaladi.
Tokio – 2020 Olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi litsenzion turnirlar shu yilning aprel va may oylaridan start olgan, ikki yil davomida eng yaxshilar saralanadi.
Turkiyaga safar O‘zbekiston delegatsiyasi uchun har tomonlama samarali bo‘ldi. Tashrif davomida O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi rahbariyati Eron, Ozarbayjon va Turkiya kabi mamlakatlar karate federatsiyasi rahbarlari bilan uchrashib, hamkorlik qilish bo‘yicha qator kelishuvga erishdilar.
Eslatib o‘tamiz, “Premier League” seriyasidagi dastlabki bosqich shu yilning aprel oyida Marokashning Rabat shahrida bo‘lib o‘tgan va unda Sadriddin Saymatov oltin, Dostonbek Otabolayev esa kumush medal bilan taqdirlangan edi.
Oybek Yunusov
O’zA