Prezidentimiz “Narimteks” korxonasiga bordi

Marg‘ilon shahridagi “Narimteks” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yuqori sifati va o‘ziga xos dizayni bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.

“Narimteks” korxonasi zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan. Bu yerda eksport hajmini yanada oshirish borasida doimiy izlanishlar olib borilmoqda.

Korxona tashkil etilgan 2008 yilda oddiy tikuv mashinalarida xotin-qizlar kiyimlari tikilardi. Mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan keng imtiyoz va preferensiyalar korxonaning yanada rivojlanish imkoniyatini kengaytirdi. 2012-2015 yillarda Xitoy bilan hamkorlikda ishlab chiqarish jarayoni modernizatsiya qilingan. Zamonaviy bichish-to‘qish, bezak berish hamda tikuv mashinalari keltirib o‘rnatilgan. Natijada korxona palto, kurtka, kostyum, pidjak kabi sifatli mahsulotlari bilan iste’mol bozorida o‘zining mustahkam o‘rniga ega bo‘ldi, yangi ish o‘rinlari yaratildi.

O‘tgan yili korxonada 632 ming AQSH dollarilik mahsulot eksport qilingan. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 801 ming dollarga yetkazish mo‘ljallanmoqda.

Prezidentimiz ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishib, tikuvchi ayollar bilan muloqotda bo‘ldi.

– Xotin-qizlarimizning hayotga munosib bo‘lishida kiyinish madaniyatining o‘rni katta. Libosi o‘ziga yoqsa, yarashsa, ayol kishining kayfiyati yaxshi bo‘ladi. Bunday chiroyli va bejirim, milliy mentalitetimizga mos kiyimlar kiygan xotin-qizlarning dunyoqarashi ham keng bo‘ladi. Bu yo‘nalishni rivojlantirish uchun hamma sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz. Chunki ayollarni rozi qilish davlatimizning eng katta siyosati-, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz ichki va jahon bozorida o‘rin topish uchun mahsulot ishlab chiqarishga ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, ishchi-xizmatchilarning malakasini doimiy oshirib borish zarurligini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari shu yerda viloyatni iqtisodiy rivojlantirish dasturlari, jumladan, Marg‘ilon, Farg‘ona, Quvasoy va Qo‘qon shaharlari hamda Dang‘ara tumanida tashkil etiladigan kichik sanoat zonalarida amalga oshiriladigan loyihalar bilan tanishdi.

05dc43e4-7e24-a99d-702b-aa586bc58fcf.jpg

8fecbcf6-c6c2-d2ac-387c-dd2a9ac7d734.jpg
83accd67-06c8-aa80-f2c5-683ddeef4ec6.jpg
d7f41bbd-6b65-c7a4-9a61-b651eedc1299.jpg
defa05ea-5aee-3342-0125-1058e4e7d833.jpg

 

Z. Jonibekov, O‘zA