O‘tgan yil Everestda 18 nafar alpinist halok bo‘lgandan so‘ng, ushbu cho‘qqiga ko‘tarilishni xohlaganlar uchun GP-trekeri kiyish majburiy talab etib belgilandi.

“Daily Mail” yozishicha, kiyimga tikiladigan mazkur qurilmadan chiqadigan signalni, hatto, 20 metr qor ostidan ham ushlash mumkin. Bu favqulodda vaziyatda alpinistlarni topish imkonini sezilarli darajada oshiradi.

Murakkab trekerlar professional cho‘qqini zabt etuvchilar va ba’zi ekspeditsiya kompaniyalari tomonidan ko‘p yil davomida qo‘llangan. Yangi qurilma esa ancha sodda bo‘lib, kichik flesh-diskga o‘xshaydi, quvvatlashni talab qilmaydi va kiyimga oson biriktiriladi. Kuzatuv kompaniyalari tomonidan 10-15 dollarga beriladi.

So‘nggi yillarda Everestga chiqish istagidagi sayyohlar ko‘paymoqda. O‘tgan yil Nepaldagi Sagarmatha milliy bog‘iga kirgan 60 mingga yaqin kishidan 600 nafari mashhur cho‘qqini ko‘zlagan.

Alpinizm sanoati jadal rivojlanishi kompaniyalar o‘rtasida raqobatni kuchaytirmoqda. Bu holat xavfsizlik qoidasi buzilishi ehtimolini oshiradi. Bundan tashqari ochiq havoda Everestga tez ko‘tarilish imkoniyati murakkab hududlarda navbat shakllanishiga olib keladi.

Balandlikda qutqaruv ishini tashkil etish juda qiyin. GPS-treker esa jarohatlangan alpinistlarni qidirishni osonlashtiradi, qutqaruvchilar xatarli vaziyatga tushishining oldini oladi.