Ma’lumki, Prezidentimizning 2023-yil 11-sentyabrdagi “Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish hamda 2023–2027-yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlarini tasdiqlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzurida Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish respublika markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Xo‘sh, ushbu Markazni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad nima edi?  Bu savolga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov kuyidagicha javob qaytardi.

– Avvalo shuni aytish joiz, mazkur muassasa aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha buyurtmachi vazifasini bajarishi bilan bir qatorda, davlat shaharsozlik kadastrini va shaharsozlik geoaxborot tizimini ham yuritadi, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov. – Bunga qadar shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishdagi buyurtmachilik har bir hududning o‘z zimmasida bo‘lgan edi hamda bunda yagona koordinatsiya mavjud emas edi.

Endilikda Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish respublika markazi “ToshkentboshplanLITI”, “O‘zshaharsozlikLITI” va “Qishloq qurilish loyiha” kabi bosh loyiha institutlari tomonidan shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish jarayonlarini muvofiqlashtirib, ushbu yo‘nalishdagi ishlar narxlarini iqtisod qilish, ularning sifati va muddati kabi masalalarni nazorat qiladi.

Shuningdek, ushbu Markaz bosh loyiha institutlari tomonidan tayyorlangan  shaharsozlik hujjatlarini belgilangan tartibda qabul qilib, ularni ijro qilish va amalga oshirish uchun vakolatli organlarga va shaharsozlik faoliyati ishtirokchilariga taqdim etadi.

Darvoqe, Markazning asosiy vazifalaridan yana biri shaharsozlik hujjatlarini “dshk.uz” tizimiga, ya’ni geoportalga joylashtirib boradi.

Xususan, “Davlat shaharsozlik kadastri va shaharsozlik geoaxborot tizimi”ni yuritish bo‘yicha bugungi kunga qadar ishlab chiqilgan va takomiliga yetkazilayotgan  hujjatlarni geoportalga  kiritib borilishini nazorat qiladi.

Shu asnoda “Davlat shaharsozlik geoaxborot tizimi” ishlab chiqilgach shaharsozlik boshqaruvi va urbanistik sohalarda faol qo‘llaniladi.  Shuningdek, ushbu tizim hududlar rivojlanishini rejalashtirish, yashash maydonlari, transport vositalarining yo‘li, infratuzilma, yashil zonalar va ko‘p yillik qurilishlarni tahlil qilishda katta yordam beradi.

Qolaversa, arxitektura va qurilish sohasidagi tasviriy ma’lumotlar, tahlil, rejalashtirish va monitoring jarayonlarida geoaxborot tizimining ahamiyati katta. Bu  tizim qurilish sohasidagi o‘zgarishlarni aks ettiradi va boshqarishga yordam beradi.

Yana bir jihat. Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish respublika markazi “Mening hududim” platformasi orqali aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlari va master rejalarini ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini o‘rganib, ovoz berish jarayonini ham muvofiqlashtirib boradi.

Yanayam aniqroq aytadigan bo‘lsak, ushbu masalalarni aholi bilan muhokama qilish mexanizmini joriy etadi va ijrosi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini olib boradi. Bu borada manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan to‘plangan ma’lumotlar mahallalar kesimida raqamlashtirilib platformaga kiritib boriladi.

Mazkur platforma hududlarda fuqarolarga qulay muhitni kompleks shakllantirish, shaharsozlik va tadbirkorlik faoliyatida byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish imkonini beradi.

“Mening hududim” platformasi ishga tushgach har bir hudud va mahallalar kesimida ochiq statistik ma’lumotlar kiritib boriladi. Masalan – hudud xaritasi, hududning rivojlanish istiqbollari to‘g‘risidagi manzilli dastur, hududdagi sug‘oriladigan yerlari va shaharsozlik faoliyati uchun mo‘ljallangan yer maydonlari, qishloq xo‘jaligi korxonalari hudud va chegaralari, sanoat korxonalarining ro‘yxati, aholining demografik va mehnat resurslari ko‘rsatkichlari, shuningdek, hududdagi ijtimoiy soha, infratuzilma, transport, muhandislik kommunikatsiyalari va boshqa turdagi ma’lumotlar ushbu platformaga joylab boriladi.

Bir so‘z bilanaytganda, Markaz shaharsozlikka oid boshqaruvda jamoatchilik nazoratini tashkil etishi barobarida, ortiqcha ovoragarchilikka barham berish, hududlarni rejali rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

 Shahnoza Mamaturopova,O‘zA